“Murojaatlarni ko‘rib chiqish va nazorat qilish jarayonlariga raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi e’lon qilindi.
Belgilanishicha:
- 2023 yil 1 apreldan aholi mahalladan turib davlat organlari rahbarlariga video-aloqa orqali murojaat uchun so‘rov yuborish va Xalq qabulxonalari orqali davlat organlari rahbarlariga video-aloqa orqali murojaat qilish;
- 2024 yil 1 yanvardan viloyatlar markazlarida joylashgan mahallalardan turib;
- 2025 yil 1 yanvardan tuman markazlarida joylashgan mahallalardan turib;
- 2026 yil 1 yanvardan respublika barcha hududidagi mahallalardan turib davlat organlari rahbarlariga video-aloqa orqali murojaat yo‘llash amaliyoti joriy qilinadi.
Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi:
- Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2022 yil noyabrga qadar mahalladan turib davlat organlari rahbarlariga video-aloqa orqali murojaat qilish amaliyotini joriy qilish maqsadida respublika barcha mahalla fuqarolar yig‘ini binolarini tashkiliy texnik ishlarga tayyor holatini o‘rganib, Vazirlar Mahkamasiga kiritish uchun tahliliy ma’lumot tayyorlash;
- Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi “Hududiy elektr tarmoqlari”, “O‘zsuvta’minot” va “Hududgazta’minot” bilan birgalikda 2023 yil 1 yanvardan bosqichma-bosqich mahalla fuqarolar yig‘ini binolarini zaruriy kommunikatsiya tarmoqlariga ulash;
Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2023 yil fevralga qadar:
- mahalla fuqarolar yig‘inlarini barcha davlat organlari rahbarlariga video-aloqa orqali murojaat qilish uchun so‘rov yuborish imkoniyatini beruvchi zarur texnik vositalar bilan ta’minlash;
- mahalla fuqarolar yig‘inlarini zamonaviy axborot-kommunikatsiyalari texnologiyalari bo‘yicha ko‘nikmaga ega kamida bittadan xodim bilan to‘ldirish;
- barcha davlat organlari rahbarlariga video-aloqa orqali murojaat qilish bo‘yicha so‘rov yuborish yuzasidan tegishli mas’ul xodimlarni Yagona onlayn platformada ishlash bo‘yicha malakasini oshirish;
- 2023 yil martga qadar bosqichma-bosqich mahalla fuqarolar yig‘inlarida fuqarolar barcha davlat organlari rahbarlariga video-aloqa orqali murojaat qilish uchun so‘rov yuborish amaliyotini joriy qilish yuzasidan zarur choralarni ko‘radi.
Bunda, davlat organlari rahbarlariga video-aloqa orqali murojaat yo‘llash jismoniy va yuridik shaxslar o‘z mahallasidan turib yuborgan so‘roviga asosan hududlardagi Xalq qabulxonalari orqali amalga oshiriladi.