2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
Sirdaryo viloyati ishsizlik yo‘q hududga aylanadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligidagi ishlar holati, aholi hayoti bilan tanishish maqsadida 6 oktyabr kuni Sirdaryo viloyatida bo‘ldi.

Bu yil viloyatning 75 ming gektar maydonida paxta yetishtirildi. Ayni paytda qariyb 80 ming gektar yerga g‘alla ekilmoqda.

Davlatimiz rahbari dastlab Sirdaryo tumanidagi “Arslon bobo” va “Omonboy o‘g‘li Tugal” fermer xo‘jaliklari dalasini ko‘zdan kechirdi.

“Arslon bobo” fermer xo‘jaligining yer maydoni 90 gektar bo‘lib, bu yil g‘alladan 80 sentnerdan hosil olingan. Hozir paxta terimi avjida. Shuningdek, kartoshka, mosh, sabzi, piyoz kabi takroriy ekinlar ham yetishtirilib, bozorga qo‘shimcha mahsulot chiqarilmoqda.

“Omonboy o‘g‘li Tugal” fermer xo‘jaligi 62 gektarda dehqonchilik qiladi. Bu yerda ham g‘alla hosildorligi 80 sentner bo‘lgan. Ko‘sak soni va terimning borishiga qaraganda, paxtaning ham “cho‘g‘i baland”.

Bu qo‘shni xo‘jaliklarda yerlar lazerli uskuna yordamida tekislangani natijasida suv avvalgiga nisbatan 30-40 foiz tejalmoqda, sug‘orish vaqti ham qisqargan. Nasoslar quyosh panellari quvvatida ishlaydi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida dala chetlariga tut, tok, qoratol va boshqa ko‘chatlar ekilgan.

Prezidentimiz shu yerda sirdaryolik fermerlar, nuroniylar bilan suhbatlashdi.

– Xalqimiz «mehr ko‘zda» deganidek, sizlar bilan ko‘rishib, hormanglar deb keldim, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Adolatli hakam bo‘lsa, aytish mumkinki, Sirdaryoda ham o‘zgarish bo‘layapti. Lekin zamon shunday shiddat bilan o‘tayaptiki, odamlarning niyatlari ilgarilab ketyapti. Shunga yarasha sharoit yaratish, xalqimiz talabini qondirish uchun yangi-yangi rejalar qilishimiz kerak. Bugun aziz Sirdaryo ahliga rahmat aytish bilan birga, erishilayotgan natijalar bardavom bo‘lishi uchun, tumanlarning, odamlarning biri ikki bo‘lishi uchun zarur yo‘nalishlarni belgilagani keldik.

Fermerlar qishloq xo‘jaligida imkoniyatlar kengayib, manfaatdorlik oshgani, majburiy mehnat tugatilgani, qo‘shimcha mahsulotlar yetishtirilayotganini aytishdi.

– Yer – xalqimiz rizq-ro‘zi manbai. Bir paytlar paxta maydonidan bir gektar ajratish jinoyat edi, takroriy ekin ekkan ta’qib qilinardi. Mana, hozir 80 ming gektar paxta va g‘alla maydonlarini aholiga berdik, hali yana beramiz. Ulardan olingan mahsulot ham xalqimizniki-ku. Bozorga mahsulot, oilalarga daromad bo‘ladi-ku. Bugun respublikadan kelgan rahbarlar va hokimlar yana 7,5 ming gektar yer ajratilsa, Sirdaryo viloyatida ishsizlikni yo‘q qilish bo‘yicha taklif berayapti. Men buni, albatta, qo‘llab-quvvatladim, – dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari shu yerda dehqonchilik qilayotgan yoshlar bilan ham suhbatlashdi. Ular mazkur fermer xo‘jaliklari dalasidan 0,5 gektardan yer olib, mosh, sabzi, piyoz, sarimsoqpiyoz yetishtirayotganini so‘zlab berishdi. Bundan olgan daromadi hisobidan universitetda o‘qish, uyini butlash rejalarini ma’lum qilishdi.

Prezidentimiz Sayxunobod tumanidagi “Shukronalik mo‘’jizalari” fermer xo‘jaligi dalasida ham bo‘ldi.

Xo‘jalikning umumiy yer maydoni 70 gektar. Joriy yilda 25 gektarga paxta, 45 gektarga g‘alla ekildi. Hosildorlik mehnatga yarasha – yuqori.

Mamlakatimizda qaysi mahsulot ko‘proq daromad keltirsa, o‘shani ekishga e’tibor ortayotgani ham qishloq xo‘jaligida yaxshi samara bermoqda. Bu fermer xo‘jaligi ham g‘alladan bo‘shagan maydondan yaxshi daromad oladi. Xususan, bu yil 45 gektar maydonga takroriy ekin sifatida mosh ekilgan. Xo‘jalik faoliyati bilan tanishuv chog‘ida ushbu ekinni yetishtirish bo‘yicha chet el tajribasini o‘rganish, hosildorlikni oshirish uchun ilmiy asoslangan yondashuvlarni qo‘llash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shu yerda qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari va mutasaddilari bilan muloqot bo‘ldi. Davlatimiz rahbari innovatsiya va nav evaziga hosildorlikni oshirish, suvdan oqilona foydalanish va hisobini yuritish zarurligini ta’kidladi.

Ish faoliyati davomida munosib yashash va mehnat sharoitiga ega bo‘lish samaradorlikni oshiradi. Bu qishloq xo‘jaligi sohasida ham muhim sanaladi.

Prezident mirishkorlar, xususan, fermerlarning ko‘p vaqti dalada o‘tishiga e’tibor qaratdi. Shuni inobatga olib fermer va uning oilasi, ishchilar uchun dalada ixcham uychalar tashkil etish taklifini berdi. Bunday ixcham uylar elektr bilan ta’minlanishi, yashash uchun barcha sharoitlarga ega bo‘lishi kerakligini aytdi.

Mazkur uylar mavsumiy bo‘lmasligi, fermer istagan payti – to‘rt faslda ham ishdan ortgan payti yo‘l bosib uyiga bormasdan, shu yerning o‘zida biroz hordiq chiqara oladigan joy bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi. Mutasaddilarga bunday uylarni tashkil qilishda nimalarga e’tibor qaratish zarurligi, fermerlar uchun bu borada kam foizli kreditlar ajratilishi lozimligi haqida topshiriqlar berildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Sayxunobod tumanidagi “Politeks Sirdaryo” paxta-to‘qimachilik klasteri korxonasini borib ko‘rdi.

Ilgari Sayxunobod tumanida sanoat umuman yo‘q edi, faqat paxta ekilardi. Qishloq xo‘jaligidagi yangilanishlar, klaster tizimi natijasida bu yerda ham sanoat paydo bo‘ldi. Hozir birgina paxtadan ip, kalava, mato, tayyor kiyimlar, chigitdan yog‘, sovun, ozuqa va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.

Xususan, “Politeks Sirdaryo” klasterining to‘qimachilik korxonasida ham ip-kalava ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Germaniya texnologiyasi keltirib o‘rnatilib, 700 ta ish o‘rni yaratilgan. Korxonaning yillik quvvati 7 ming tonna bo‘lib, joriy yilning o‘tgan davrida Xitoy, Turkiya va Bangladesh davlatlariga 2,5 million dollarlik mahsulot eksport qilingan.

Shuningdek, klaster qoshida yiliga 30 ming tonna yog‘-moy tayyorlaydigan korxona ham mavjud. Unda 100 nafar aholi bandligi ta’minlangan.

Davlatimiz rahbari “Politeks Sirdaryo” klasterining to‘qimachilik korxonasida ip-kalava ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi, ishchilar bilan muloqot qildi.

Shu yerda Sirdaryo viloyati to‘qimachilik korxonalarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar namoyish etildi. bugungi kunda viloyatda 9 ta paxta-to‘qimachilik klasteri faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu yil 268 ming tonna paxta xomashyosi yetishtirish rejalashtirilgan. Uning yuz foizi hududning o‘zida qayta ishlanadi.

Prezidentimiz ommaviy axborot vositalari vakillari bilan ham suhbatlashdi.

– Bugun Sirdaryoga kelishdan asosiy maqsadimiz – viloyatni aholisi to‘liq ish bilan ta’minlangan hududga aylantirish mezonlarini belgilash, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Birinchi mezon, Sirdaryo sharoitida, bu – yer. Klaster egalarining dunyoqarashi o‘zgaryapti, sifatga harakat qilyapti, daromadi oshyapti. Endi ular xalq manfaatiga xizmat qilishi kerak. Bu manfaat birinchi navbatda ish o‘rni. Masalan, aholiga dehqonchilik uchun yer ajratish orqali 100 ming ish o‘rni yaratish mo‘ljallanyapti. Ikkinchidan, bu yerlarga nima daromadli bo‘lsa, shuni ekish bo‘yicha erkinlik beriladi. Kim bozorni tushunib, ko‘proq mehnat qilsa, naqd daromad oladi. Yana bir muhim tomoni, agar Sirdaryo viloyatida ishsizlikni tugata olsak, bu boshqa hududlar uchun namuna bo‘ladi.

Sayxunobod tumanida Sirdaryo viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.

Unda asosiy e’tibor ish joylarini ko‘paytirish, tadbirkorlikni rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalalariga qaratildi.

Sirdaryo viloyatida 35 ming nafar ishsiz, 42 ming nafar chet elga ishga ketganlar bor. Mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlarni ham hisobga olib, 100 ming ish o‘rni yaratish zarur. Buning uchun paxta maydonlari qisqartirilib, bu yerlar aholiga bo‘lib berilishi qayd etildi.

Biroq, bu qisqarish o‘rnini hosildorlikni 2-3 baravar oshirish hisobidan qoplash, Paxtachilik kengashi va olimlar bilan ishlash zarurligi ta’kidlandi.

Oziq-ovqat yetishtiruvchi dehqonlarning krediti uchun qo‘shimcha 300 milliard so‘m ajratilmoqda. Endi dehqonlar 150 million so‘mgacha garovsiz kredit oladi. Bular kelgusi yilda Sirdaryo aholisi uchun 45 ming ish o‘rni yaratishga zamin bo‘ladi.

Shuningdek, 5 ming gektar ekin maydonida sug‘orish tizimini yaxshilashga byudjetdan 40 milliard so‘m ajratiladi.

Hududda oziq-ovqat mahsulotlari, chorva va parranda yetishtirish uchun juda katta imkoniyatlar bor. Shu bois kelgusi yilda 1 trillion so‘mlik parrandachilik loyihalarini amalga oshirish, go‘sht va tuxum mahsulotlari hajmini 2 baravar ko‘paytirish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Viloyatda 1,7 milliard dollarlik 858 ta investitsiya loyihalari hisobiga 20 ming ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.

– Har kuni qaysidir masalaning ichiga kirib, qiyin bo‘lsa ham mablag‘ini topib, qaror qilib berayapmiz. Bugun yana kim masala qo‘ysa, uni ham yechib beraman. Qaysi hokim hisob-kitob bilan aniq reja qo‘yib, ishlarni tizimli yo‘lga qo‘ysa, albatta, natija bo‘ladi, – dedi davlatimiz rahbari.

Yig‘ilishda Bosh vazir o‘rinbosarlari ish o‘rinlarini tashkil etish, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish, ijtimoiy sohani yaxshilash rejalari yuzasidan axborot berdi.

Shu bilan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Sirdaryo viloyatiga tashrifi yakunlandi.

07.10.2022

Hal etilgan murojaatlar

Murojaat tasnifiYuborish usuliKelib tushgan sanaKo'rib chiqilgan sanaHudud
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратишПрезидент почтаси6 May 202418 Sentabr 2024Navoiy viloyati
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуришИшонч телефони17 Noyabr 202327 Fevral 2024Toshkent viloyati
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозиликВеб-сайт14 Fevral 202420 Fevral 2024Jizzax viloyati
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикасиВеб-сайт13 Fevral 202427 Fevral 2024Surxondaryo viloyati
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИВеб-сайт29 Aprel 20242 May 2024Toshkent viloyati

Foydali resurslar