Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani hokimi Nodir Erkayev hudud aholisi bilan ishlashning yangicha mexanizmini yo‘lga qo‘ydi.
Unga ko‘ra, hokimlikning telegram kanalida tumandagi MFY ro‘yxati shakllantirilib ovozga qo‘yiladi. To‘plangan ovozlar soniga qarab, o‘sha hududga hokim va tuman rahbarlari hamda tuman kengashi deputatlari birgalikda borgan holda muammo va kamchimliklarni o‘rganadi, aholining murojaatlari tinglanadi.
Tuman mas’ullarining bu galgi manzili tumanning olis Chambil MFYga qarashli Oqchova qishlog‘i bo‘ldi. Mazkur qishloqda bugungi kunda 2 ming 198 nafar aholi istiqomat qiladi.
Tog‘li hudud hisoblangan ushbu qishloqda eskirgan ustunlar, elektr energiyasi quvvatining pastligi, ko‘chalarning nosozligi, sel suvlari yuvib ketgan ko‘priklar bilan bog‘liq ko‘plab muammolar aholini uzoq yillardan buyon qiynab kelardi.
Hokim boshchiligidagi tuman mas’ullari nafaqat qishloqdagi ijtimoiy muammolar, balki xonadonma-xonadon kirib fuqarolarning murojaatlarini tingladi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj xonadonlarga oziq-ovqat va amaliy ko‘mak berildi.
Masalan, shu qishloqda yashovchi Ruyob Safarova uzoq yillardan buyon Qalqama bozorida aravakashlik qilib, kun kechiradi. Turmush o‘rtog‘i Ismoil Husanov 76 yoshda va ikkinchi guruh nogironi. Doimiy xastalik tufayli yotib qolgan. Vaqti-vaqti bilan davolanib turmasa xastaligi og‘irlashadi. Oila har tomonlama ijtimoiy himoyaga muhtoj.
Tuman hokimi mas’ullar ishtirokida mazkur xonadonda bo‘lib, oila vakillarining muammolarini tingladi.
- Ayol boshim bilan og‘ir mehnat qilishdan charchadim, bir o‘g‘lim bor, hali yosh maktabda 7-sinfda o‘qiydi, - deydi Ruyob Safarova. – Davlat berayotgan nafaqa tirikchilikka ham yetmaydi. Haftada bir kun bozor bo‘ladi. Tirikchilik uchun arava suraman. Odamlarning yuklarini tashiyman. Yashashimiz juda og‘ir. Uylarimiz bir ahvolda. Tuman hokimi va deputatlarning o‘zi uyimga kelib muammolarim haqida so‘rashdi. Ko‘zlarimga yosh keldi. Turmush o‘rtog‘imni davolanishiga yordam qiladigan bo‘ldi. Eng muhimi eski zax bosgan uyimizning yonida ikki xonali zamonaviy uy qurib beradigan bo‘lishdi. O‘zimni esa bozorga farrosh qilib ishga joylashdi. Farzandimga kiyim-bosh, oziq-ovqat mahsulotlari berishdi, ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tarildi. Nasib etsa, yangi yilni yangi uylarda kutib olamiz.
Aholining murojaatlarini tinglash bilan birga ularga tomorqalardan unumli foydalanish, ixcham issiqxonalar qurish, bog‘dorchilik qilish borasida tavsiyalar berildi. Boisi tomorqalarning aksariyat qismiga chorva uchun beda ekilgan. Masalan, Maxmaraim Hamidov ham tomorqasining asosiy qismiga beda ekkan. Tushuntirish va tavsiyalardan keyin subsidiya mablag‘i hisobiga issiqxona qurdiradigan bo‘ldi.
Shu o‘rinda mas’ullar qishloqdagi yana bir jihatga e’tibor qaratdi. Ya’ni ko‘pchilik xonadon a’zolari chorvadan chiqqan o‘g‘itni qishga yoqish uchun “tezak” qilgan. Ushbu imkoniyatdan unumli foydalangan holda xonadonlarga biogumus qilish texnologiyasi tushuntirildi. Bunda porilar maxsus handaqlarga yig‘ilib, chuvalchang tashlanadi. Chuvalchanglar porini biogumusga aylantiradi. Oddiy, lekin serdaromad usul. Olingan foydaning bir qismiga yoqilg‘i uchun ko‘mir sotib olinadi. Shunday qilinsa, ham qishdan betalofot chiqiladi, ham ro‘zg‘or uchun doimiy daromad manbai yaratiladi. Biogumus esa juda xaridorgir hisoblanadi.
O‘rganishlar natijasida qishloqdagi abgor yo‘llarga qum-shag‘al aralashmasi to‘kiladigan, taxminan 30-35 ta elektr ustunlar yangisiga almashtiriladigan, ikkita ko‘prik ta’mirlanadigan bo‘ldi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga hamkor tashkilotlar bilan birgalikda oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi. Bemor aholi vakillariga bepul tibbiy yordam ko‘rsatiladigan bo‘ldi.
Hududlarda muammo va kamchiliklar ko‘p. Ularni hal qilish bilan birga aholiga tadbirkorlik qilish uchun yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanish yo‘llarini batafsil tushuntirish va bu borada amaliy yordam qilish odamlarning tushmush farovonligini oshirishga xizmat qiladi. Chiroqchi tumanida esa, bu boradagi ishlar yangicha yechim va izlanishlar bilan davom etmoqda.
Murojaat tasnifi | Yuborish usuli | Kelib tushgan sana | Ko'rib chiqilgan sana | Hudud |
---|---|---|---|---|
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратиш | Президент почтаси | 6 May 2024 | 18 Sentabr 2024 | Navoiy viloyati |
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуриш | Ишонч телефони | 17 Noyabr 2023 | 27 Fevral 2024 | Toshkent viloyati |
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозилик | Веб-сайт | 14 Fevral 2024 | 20 Fevral 2024 | Jizzax viloyati |
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикаси | Веб-сайт | 13 Fevral 2024 | 27 Fevral 2024 | Surxondaryo viloyati |
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИ | Веб-сайт | 29 Aprel 2024 | 2 May 2024 | Toshkent viloyati |