Davlatimiz rahbari 2022 yil 23-24 fevral kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida bergan topshiriqlari asosida mamlakatimizning viloyatlari Orolbo‘yining har bir shahar va tumaniga biriktirildi.
Namangan viloyati Qorao‘zak tumaniga biriktirilgan bo‘lib, hududni rivojlantirish maqsadida 35 banddan iborat “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Ushbu tadbirlarni amalga oshirish uchun dastlabki hisob-kitoblarga asosan jami 1 trillion so‘m, shundan mahalliy byudjet mablag‘i hisobidan – 21,3 milliard so‘m, irrigatsiya va melioratsiya tadbirlari uchun tashabbuskorlar mablag‘i – 164,8 milliard so‘m, homiylik mablag‘i hisobidan – 2,5 milliard so‘m, bank krediti va o‘z mablag‘i hisobidan – 815,5 milliard so‘m yo‘naltirish bo‘yicha dastlabki hisob-kitoblar ishlab chiqildi.
Shundan o‘tgan qisqa vaqt mobaynida mahalliy byudjet hisobidan 10,1 milliard so‘m, tashabbuskor mablag‘lari hisobidan 7,8 milliard so‘m, homiylik mablag‘i hisobidan 3 milliard so‘m, jami 20,9 milliard so‘m moliyalashtirildi. Natijada “Yo‘l xaritasi”ga kiritilgan topshiriqlardan 29 tasining ijrosi ta’minlandi, 1 tasi bajarilmoqda, 5 ta topshiriqni bajarish choralari ko‘rilyapti.
Xususan, “Quralpa” ovul fuqarolar yig‘inida 14,1 kilometr ichki yo‘l ta’mirlandi, “Qorao‘zak” hamda “Madaniyat” ovul fuqarolar yig‘inlarida piyodalar yo‘lagi tekislandi, “Qoybak”, “Qorao‘zak” ovul fuqarolar yig‘inlarida tungi yoritgichlar o‘rnatildi. Bundan tashqari, tuman markazi – “G‘arezsizlik guzari” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Amangul Qalimbetova va Roza Turdiyevaning uy-joylarini ta’mirlab berish, tuman hududidagi 10148 gektar yer maydonlarini foydalanishga kiritish ishlari amalga oshirildi.
Jumladan, 7 ta loyiha tashabbuskorlari tomonidan 1000 gektar yer maydoni o‘zlashtirilib, 48 kilometr irrigatsiya-melioratsiya tarmog‘i rekonstruksiya qilindi hamda 30 gektar yer maydoni shudgorlandi. Tumanda 130 ming tup terak ko‘chati va 5 ming tup manzarali ko‘chat ekildi.
Qorao‘zak tumanini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish maqsadida qiymati 727,9 milliard so‘mni tashkil etgan 24 ta loyihaning manzilli ro‘yxati shakllantirildi. Mazkur loyihalar ishga tushirilishi natijasida 1230 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Tumandagi 13 ta shaharcha va ovul fuqarolar yig‘iniga Namangan viloyatining shahar va tumanlari biriktirilgan. Har bir mahalla fuqarolar yig‘inlarida aholi bandligini ta’minlash, kam ta’minlangan oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Prezident Administratsiyasining topshirig‘i bilan qiymati 2,1 milliard so‘m bo‘lgan turli o‘lchamdagi suv saqlash sig‘imlari, oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi hamda tekstil mahsulotlari tumanning ijtimoiy muhofazaga muhtoj oilalariga bepul yetkazib berildi.
– Hududimizga viloyatning Pop tumani biriktirilgan bo‘lib, aholi bandligini ta’minlash, kam ta’minlangan oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga yaqindan yordam bermoqda, – deydi “Ak. S.Kamalov” ovul fuqarolar yig‘ini raisi Jenis Bekbauliyev, – Namanganlik do‘stlarimizning har bir tashrifi do‘stlik bayramiga aylanadi. Maishiy xizmat ko‘rsatish konteynerlarining o‘rnatilishi natijasida aholiga sartaroshxona, ayollar go‘zallik saloni, tikuvchilik sexi, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchalari ishga tushirildi. Ovul yoshlarining bandligi ta’minlandi. Dolzarb muammolardan biri chekka hududlar aholisini ichimlik suv bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. “Irg‘aqli” hamda “Qorako‘l” aholi punktlariga namanganliklarning beminnat yordami bilan mini EKOS qurib berildi. Natijada 100 nafarga yaqin aholi toza ichimlik suv bilan ta’minlandi. Shuningdek, 47 ta bosma kran qurildi. Aholining o‘zini-o‘zi band qilishi uchun 78 xonadonning har biriga 20-30 boshdan parranda, maishiy texnikalar, shuningdek, yoshlarning daromadga ega bo‘lishi uchun tikuv mashinalari, kompyuter jamlanmalari taqdim etildi. Bundan tashqari, hududimizdagi umumta’lim maktablariga, maktabgacha ta’lim tashkilotlariga o‘quv jihozlari, kompyuterlar, badiiy adabiyotlar, sport anjomlari topshirildi. Bunday yordamdan ovul aholisi juda ham xursand.
Yaqinda Pop tumani delegatsiyasi ovulga yana keldi. Hududdagi moddiy ko‘makka muhtoj, ehtiyojmand oilalarning xonadonlarida bo‘ldi. Oygul aya Yusupbekova mehmonlar bilan suhbatlashdi, quvonch ko‘z yoshlarini yashira olmadi, shu kunlarga yetgani uchun shukrona aytdi. 75 yoshni qarshilagan onaxon yurt tinchligini so‘rab, qo‘llarini duoga ochdi.
Ma’lumki, Namanganda tekstil, yengil sanoat yaxshi rivojlangan. Hozirda o‘n mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari mavjud. Rejaga ko‘ra, viloyatning har bir hududiga 100 nafardan yosh safarbar etilib, shu orqali 1400 nafarga yaqin qorao‘zakliklarning bandligi ta’minlanadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasidan jami 60 nafar, shundan Qorao‘zak tumanidan 20 nafar ishbilarmonlik sohasi vakillari Namangan viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan kichik sanoat zonalari faoliyati bilan tanishtirildi.
Qorao‘zak agro-iqtisodiyot kollejining bo‘sh turgan binosi o‘rnida qiymati 4,3 milliard so‘mlik tikuvchilik korxonasi foydalanishga topshirildi. “Namangan-Qorao’zak tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyati davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, yangi ish o‘rinlari yaratildi.
– Yangi korxonaning faoliyat boshlashi bilan uyda ishsiz o‘tirgan 60 nafarga yaqin xotin-qiz ish bilan ta’minlandi, – deydi ish yurituvchi Dilbar Kamalova. –Korxonamizga Xitoy Xalq Respublikasidan olib kelingan zamonaviy uskunalar o‘rnatilgan. Hozirgi vaqtda tikuvchilarimiz tomonidan 4-5 xildagi mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Yaqin kunlarda ushbu mahsulotlarni Rossiya Federatsiyasiga eksportga chiqarish rejalashtirilgan. Xodimlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Zarur xom ashyolar vaqtida yetkazilyapti.
Bundan tashqari, tumandagi 10 nafar xotin-qizga 50 million so‘mlik tikuv mashinasi olib berilib, ularning bandligi ta’minlandi.
– Ovul fuqarolar yig‘inlarining ijtimoiy infratuzilmasini yanada yaxshilash, aholi bandligi, ularning munosib turmush sharoitini ta’minlash maqsadida namanganliklar bilan hamkorlikda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi Qorao‘zak tumani Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Maxamaddin Gulimbetov. – Joriy yilning mart oyida barcha mahalla fuqarolar yig‘inlari hududida qiymati 1,9 milliard so‘mlik 13 ta maishiy servis xizmat ko‘rsatish (sartaroshxona, chevarxona, avtotex xizmat ko‘rsatish) imkoniyatlarini o‘z ichiga olgan konteynerlar yetkazilib, belgilangan joylarga o‘rnatib berildi. Natijada chekka hududlar aholisi endilikda tuman markaziga kelib yurmasdan, o‘zlarining hududida maishiy xizmat turlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Shuning natijasida yangi ish o‘rinlari yaratildi. Bu har tomonlama foydali. Tumanning Berdaq, “Ak.S.Kamalov”, “Quralpa”, “Madaniyat”, “Qorao‘zak”, “Yesimo‘zak” ovul fuqarolar yig‘inlarida istiqomat qiluvchi aholini toza ichimlik suv bilan ta’minlash maqsadida 10 ta mini EKOS barpo etilib, foydalanishga topshirildi. Ayniqsa, joylarda keksalarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Tumandagi barcha fuqarolar yig‘inlariga 2 ming dona kitob sovg‘a qilindi.
– Namangan viloyatining jarroh, endokrinolog, onkolog, kardiolog hamda bolalar nevropatologi kabi tor mutaxassislikdagi shifokorlari aholini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi, – deydi Qorao‘zak tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchi Zaripbay Bayniyazov. – Respublika shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish ilmiy markazi Namangan filialidan tibbiyot fanlari nomzodi Ravshanbek Temirov boshchiligidagi shifokorlar tumandagi ko‘p tarmoqli poliklinikaga, oilaviy poliklinikalarga, oilaviy shifokorlik punktlariga borib, aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi. Ularga zarur muolajalar buyurilib, tegishli maslahatlar berildi. 20 nafar tug‘ma yurak nuqsoniga gumon qilingan bemor ham tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, shundan 2 nafar bemorga Namangan viloyat kardiologiya markazida jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Viloyat hokimligi tomonidan tuman tibbiyot muassasalariga 998,5 million so‘mlik tibbiyot asbob-uskunalari yetkazib berildi. Jumladan, terapiya va bolalar bo‘limlariga 10 dona nebulayzer, tug‘ruq bo‘limiga 1 dona kyuvez, 1 dona neonatal monitor, bemorlar uchun 3 dona monitor, 1 dona gematologik analizator, qishloq oilaviy poliklinikalari uchun 4 dona EKG apparati, bolalar bo‘limi uchun 10 dona yotoq jihozi topshirildi.
Joriy yil noyabr oyida namanganlik shifokorlar tuman ko‘p tarmoqli poliklinikasi, eng chekka hududda joylashgan “Qoybaq” ovul fuqarolar yig‘inida bo‘lib, aholini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi. Tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra, 9 nafar fuqaro tumanda statsionar sharoitda, 6 nafari Namangan viloyatining davolash muassasalarida davolanadigan bo‘ldi. Ushbu muassasada statsionar sharoitda davolanayotgan bemorlarga sovg‘alar topshirildi.
Tumandagi umumta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim tashkilotlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, o‘quvchilar bilan tarbiyalanuvchilarga yetarli shart-sharoit yaratish choralari ko‘rilmoqda. Jumladan, 33 ta umumta’lim maktabiga inventarlar (elektron doskalar, videoproyektor, adabiy kitoblar) hamda 313,8 million so‘mlik 3 turdagi (rubob, doira, dutor) 198 dona musiqa cholg‘u asbobi, “Yesim”, “Quralpa”, “Ata makan” va “Qutli makan” mahalla fuqarolar yig‘inlari hududlaridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari 560 million so‘mlik inventar bilan ta’minlanib, Namangan viloyati hokimining 2022 yil 29 avgustdagi farmoyishiga asosan 6 ta maktabgacha ta’lim tashkilotiga suv tozalash filtri o‘rnatildi. Tumanning yuz nafar maktab o‘quvchisi ta’til davrida Kosonsoy tumani “Sohil” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida dam olib qaytdi.
– “Samat”, “Tozning ovuli”, “Qoramoyin” hamda “Bogejeyli” aholi punktlarida istiqomat qiluvchi 56 ta xonadon farzandlari uchun maktabgacha ta’lim tashkilotini qurish muammo bo‘lib kelayotgan edi, – deydi “Qorao‘zak” ovul fuqarolar yig‘ini raisi Jetkerbay Ataniyazov. – Uychi tumani rahbarlaridan amaliy yordam so‘radik. Ularning yordami bilan 80 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti binosining qurilish ishlari boshlab yuborildi. Yaqin kunlarda foydalanishga topshiriladi. Bundan tashqari, 82 ta xonadonga turli ko‘rinishdagi homiylik yordami ko‘rsatildi.
Tumandagi yoshlar yetakchilari bilan birgalikda mahalla yoshlarining bo‘sh vaqtini maroqli o‘tkazish, ularni san’at, sport, axborot texnologiyalari hamda kitobxonlik yo‘nalishlariga jalb qilish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, tuman yoshlari o‘rtasida mini futbol va stol tennisi bo‘yicha Namangan viloyati hokimi kubogi uchun musobaqalar hamda 5000 qadam yurish marafoni o‘tkazilib, g‘oliblar munosib taqdirlandi.
Viloyat hokimligining amaliy yordami bilan amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari Orolbo‘yining chekka hududlaridan biri hisoblangan Qorao‘zak tumani aholisining turmush tarzini yanada yaxshilash, bandligini ta’minlash va daromadini oshirish, eng muhimi bugungi kundan rozi bo‘lib yashashlariga xizmat qilmoqda.
Murojaat tasnifi | Yuborish usuli | Kelib tushgan sana | Ko'rib chiqilgan sana | Hudud |
---|---|---|---|---|
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратиш | Президент почтаси | 6 May 2024 | 18 Sentabr 2024 | Navoiy viloyati |
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуриш | Ишонч телефони | 17 Noyabr 2023 | 27 Fevral 2024 | Toshkent viloyati |
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозилик | Веб-сайт | 14 Fevral 2024 | 20 Fevral 2024 | Jizzax viloyati |
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикаси | Веб-сайт | 13 Fevral 2024 | 27 Fevral 2024 | Surxondaryo viloyati |
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИ | Веб-сайт | 29 Aprel 2024 | 2 May 2024 | Toshkent viloyati |