O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji, aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida 31 mart kuni Xorazm viloyatiga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbari dastlab Urganch shahrida xalq deputatlari Xorazm viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ishtirok etib, nutq so‘zladi.
– Bugun mana shu qadim va tabarruk zaminda, muborak Ramazon oyida siz, aziz yurtdoshlarim bilan ko‘rishib turganimdan g‘oyat mamnunman, – dedi davlatimiz rahbari. – Agar tahlil qilsak, Xorazmda ko‘p narsalar o‘zgardi. Lekin zamon shiddat bilan o‘tyapti, aholining talabi o‘sib boryapti. Biz shunga munosib harakat qilishimiz kerak. Shuning uchun ishimizni tanqidiy ko‘rib, katta-katta marralar olishimiz kerak.
Yig‘ilish avvalida Xorazm viloyatidagi o‘zgarishlar qayd etib o‘tildi. Oxirgi olti yilda maktabgacha ta’lim qamrovi 22 foizdan 79 foizga yetkazildi. 131 ta maktab qurildi va rekonstruksiya qilindi. 580 ming aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlandi.
Viloyatdagi 531 ta mahallani obod qilishga qo‘shimcha 1 trillion so‘m, tuman markazlari yo‘llarini ta’mirlash, piyodalar yo‘lagi va yoritgichlarga 50 milliard so‘m ajratilgan.
Aholini uy-joy bilan ta’minlash ishlari ham jadallashgan. Oxirgi besh yilda 9 ming 500 ta xonadonli uylar foydalanishga topshirilgan. Bu xayrli ishlarning davomi sifatida Urganch shahrida Al-Xorazmiy shaharchasi qurilishi boshlandi.
Sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatishda 1,5 milliard dollarlik 7 ming loyiha doirasida yangi korxonalar ishga tushdi. Bu orqali 50 ming yangi doimiy ish o‘rinlari yaratilib, 19 ming oila kambag‘allikdan chiqarildi.
Ishlab chiqarish 1,5 baravarga ko‘paydi, sanoat eksporti 190 million dollarni tashkil etdi. Ayniqsa, to‘qimachilik, avtomobilsozlik, oziq-ovqat, elektrotexnika va qurilish materiallari ishlab chiqarish 2 baravarga o‘sdi.
Lekin viloyatda iqtisodiy imkoniyatlar bundan ham ko‘pligi, aholini qiynayotgan ko‘plab masalalar borligi ko‘rsatib o‘tildi.
Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. Davlatimiz rahbari Xorazm viloyati hokimi lavozimiga Jo‘rabek Rahimov nomzodini tavsiya etdi.
J.Rahimov 1981 yilda Xorazm viloyatida tug‘ilgan. Mehnat faoliyatini Shovot tumanida boshlab, so‘nggi yillarda Bog‘ot va Qo‘shko‘pir tumanlari hokimi lavozimlarida ishlagan. U o‘tgan yilning dekabridan buyon Xorazm viloyati hokimi vazifasini bajarib kelmoqda.
Davlatimiz rahbari nomzodni lavozimga tasdiqlashdan avval uning rejalarini eshitishni taklif etdi. Jo‘rabek Rahimov viloyatda tadbirkorlik, sanoat, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, aholiga munosib turmush sharoiti yaratish bo‘yicha rejalarini taqdimot qildi.
Aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirish choralariga birinchi navbatda e’tibor qaratildi. Prezidentimiz aytilgan takliflarni ma’qullab, ular yuzasidan mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.
Oilaviy tadbirkorlik dasturlari uchun berilgan 940 milliard so‘mga qo‘shimcha 100 milliard so‘m yo‘naltirilishi belgilandi. Yangi tadbirkorlik sub’ektlarini tashkil qilish orqali 57 ming, kasanachilikda salohiyati bor 240 ta mahallada mehnat qurollari va joy masalasini hal qilib, 50 ming, o‘zini-o‘zi band qilish orqali 28 ming aholi bandligini ta’minlash mumkinligi aytildi.
Ikkinchi muhim vazifa – oziq-ovqat mahsulotlari balansini ta’minlash. Shu maqsadda “Toshsoqa tizimidagi magistral sug‘orish kanalini tiklash” loyihasining ikkinchi bosqichi boshlanadi. Bog‘ot, Shovot va Yangibozor tumanlaridagi 2 ming gektarda uzum, olma va qovun plantatsiyalari, Gurlan va Bog‘otda agrologistika markazlari tashkil etiladi. Parrandachilik, chorvachilik, sutni qayta ishlash loyihalari amalga oshiriladi.
Ma’lumki, har bir tumanga kamida 50 million dollar investitsiya jalb qilish vazifasi qo‘yilgan. Viloyat hokimligiga nomzod buning evaziga tumanlarda qanday loyihalar mo‘ljallangani haqida axborot berdi.
Davlatimiz rahbari 14 ta yirik sanoat loyihasi infratuzilmasi uchun qo‘shimcha 100 milliard so‘m yo‘naltirish, Urganchda elektrotexnika va farmatsevtika sanoat parklari tashkil qilish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. 20 million dollar investitsiya evaziga “Damas” va “Labo” avtomashinalarini ishlab chiqarish hajmini oshirish vazifasi qo‘yildi. Bu orqali 300 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Sanoat korxonalari va uy-joylarni elektr energiyasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari ham belgilandi.
Ijtimoiy sohani rivojlantirish, maktab va bog‘chalar barpo etish, aholini uy-joy va ichimlik suvi bilan ta’minlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Prezident maktablarda sanitariya holatini yaxshilash, chet tili va kasbga o‘rgatish xonalarini tashkil qilish hamda 12 ta IT-park ochish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.
Umuman olganda, Xorazmda ijtimoiy muammolarni hal qilishga bu yilgi davlat dasturlarida ko‘zda tutilgan 1,5 trillion so‘mga qo‘shimcha 400 milliard so‘m ajratilishi ma’lum qilindi. Bundan tashqari, agrar soha, ichimlik suvi va tadbirkorlik loyihalariga qo‘shimcha 475 million dollar jalb qilish bo‘yicha topshiriq berildi.
Barcha chora-tadbirlar orqali 365 ming aholini daromadli mehnat bilan ta’minlab, Xorazmni ishsizlikdan xoli hududga aylantirish vazifasi qo‘yildi.
Taqdimotdan so‘ng viloyat kengashi deputatlari nomzodning rejalari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Tashkiliy masala ovozga qo‘yildi. Uning natijalariga ko‘ra, Jo‘rabek Rahimov Xorazm viloyatining hokimi etib tasdiqlandi.
– Bugun sizlar bilan aholi hayotiga daxldor barcha masalalarga to‘xtalib, zarur mablag‘lar ajratdik, viloyatga yangi hokim tasdiqladik. Endigi vazifa – butun Xorazm eli hokim atrofida jipslashib, mutasaddilar fidoyi va halol bo‘lib, bugun aytilgan reja va tashabbuslarni hayotga, aholi turmush tarziga ko‘chirishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev sessiya so‘nggida.
Shundan so‘ng davlatimiz rahbari Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkining Xorazm filialini borib ko‘rdi.
15 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ evaziga barpo etilgan ushbu markaz yiliga 4 ming 500 nafar yoshni axborot texnologiyalari yo‘nalishida o‘qitish va IT xizmatlar ko‘rsatish quvvatiga ega. Bu yoshlarning zamonaviy mutaxassisliklarni egallab, o‘z yo‘lini topishida muhim omil bo‘lmoqda. Xususan, ushbu majmuada ham 250 nafar yigit-qiz ish bilan ta’minlangan.
Prezidentimizga IT-parkda amalga oshirilayotgan ishlar, istiqboldagi rejalar haqida ma’lumot berildi.
Bu yerda o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etish hamda IT xizmatlarini eksport qilish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Maqsadlar ham shunga yarasha, joriy yilda eksport hajmini 3 million dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Shu yerning o‘zida IT-park rezidentlari, axborot texnologiyalari sohasida faoliyat olib borayotgan yoshlar bilan muloqot bo‘ldi. Ular o‘zlarining faoliyatlari haqida so‘zlab berishdi.
Davlatimiz rahbari yoshlarning fikrlarini eshitib, takliflarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.
Prezidentimiz Xorazm viloyatidagi “Yangibozor tekstil agroklaster” mas’uliyati cheklangan jamiyatining to‘qimachilik korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Qiymati 13 milliard so‘mdan ziyod bo‘lgan mazkur loyiha doirasida xorijdan zamonaviy uskunalar keltirib o‘rnatilgan. Yiliga 5 million dona tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish quvvati yaratilgan. Tovarlarning 65 foizini eksportga yo‘naltirish mo‘ljallangan.
bugungi kunda bu yerda 500 ga yaqin xotin-qizlar ishlamoqda.
Shavkat Mirziyoyev korxonadagi ish jarayoni bilan tanishish asnosida ular bilan suhbatlashdi. Xotin-qizlar chekka tumanlarga ham sanoat kirib kelayotgani, o‘z uyi yaqinida shunday zamonaviy korxonada ishlayotganidan mamnunligini aytishdi.
Shu yerda Xorazm viloyatidagi 6 ta yangi korxonani ishga tushirish marosimi bo‘ldi. Ular – Urganch shahridagi “Eko Obi hayot” korxonasi tomonidan gipsokarton mahsulotlari, Urganch tumanidagi “Zakirov” xususiy korxonasi tomonidan burama mix, Xiva gilami kombinatining ikkinchi bosqichi, Bog‘ot tumanidagi “Koba teks” korxonasi tomonidan tayyor gazlama, Urganch tumanidagi “Xorezm Solt Biznes” korxonasi tomonidan texnik tuzlar, Xonqa tumanidagi “Xorezmteks Feyshn” korxonasi tomonidan tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalaridir. Ushbu korxonalar vakillari videoaloqa orqali majmualar salohiyati haqida axborot berdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, ushbu yangi korxonalarni ishga tushirdi.
Davlatimiz rahbari Yangibozor tumanidagi “Xorazm faxri” urug‘chilik klasteri dalasida ham bo‘ldi.
Bu klasterning umumiy yer maydoni 286 gektar. Shundan 147 gektarida g‘alla, 122 gektarida paxta yetishtirilmoqda. 45 kishi doimiy ish bilan ta’minlangan.
Davlatimiz rahbari ekinlar rivojini ko‘zdan kechirdi. G‘alla va g‘o‘zaning navi, mevali daraxtlar hosildorligi bilan qiziqdi.
Ma’lumki, Xorazm suv taqchil hudud sanaladi. Shuning uchun dehqonchilikda suv tejovchi texnologiyalardan foydalanishga harakat qilinmoqda. G‘alla maydonining bir qismida yomg‘irlatib sug‘orish, olma ko‘chatlari qadalgan yangi bog‘ oralariga esa sabzi, piyoz, sholg‘om kabi qishloq xo‘jaligi ekinlari ekish yo‘lga qo‘yilgan.
Prezident bunday omilkorlikni boshqalarga ham o‘rgatish kerakligini ta’kidladi.
Mamlakatimizda g‘alladan bo‘shagan maydonlar takroriy ekin ekish uchun ishsiz aholiga bo‘lib berilmoqda. “Xorazm faxri” urug‘chilik klasterida ham 80 nafar aholiga 30 sotixdan sabzavot ekish uchun yer berilgan. Bu yil yana 26 nafar kishiga yer ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Prezident shu yerda qishloq xo‘jaligi xodimlari, fermer va dehqon xo‘jaliklari vakillari bilan suhbatlashdi. Xorazmning tuprog‘iga mos ekinlar yetishtirish, qishloq xo‘jaligini sanoatlashtirish muhimligi qayd etildi.
Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xorazm viloyatiga tashrifi yakunlandi.
Murojaat tasnifi | Yuborish usuli | Kelib tushgan sana | Ko'rib chiqilgan sana | Hudud |
---|---|---|---|---|
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратиш | Президент почтаси | 6 May 2024 | 18 Sentabr 2024 | Navoiy viloyati |
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуриш | Ишонч телефони | 17 Noyabr 2023 | 27 Fevral 2024 | Toshkent viloyati |
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозилик | Веб-сайт | 14 Fevral 2024 | 20 Fevral 2024 | Jizzax viloyati |
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикаси | Веб-сайт | 13 Fevral 2024 | 27 Fevral 2024 | Surxondaryo viloyati |
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИ | Веб-сайт | 29 Aprel 2024 | 2 May 2024 | Toshkent viloyati |