Ma’lumki, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi –O‘zA muntazam ravishda mamlakatimizdagi elchixonalar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan suhbatlar uyushtirib boradi. Loyihamizning navbatdagi mehmoni – Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Tim Torlot.
- Janob Elchi, ko‘plab davlatlarda faoliyat yuritgansiz. O‘zingiz ishlagan yurtlardan O‘zbekiston qaysi jihatlari bilan farqli va siz uchun e’tiborli?
- Kasbimizning o‘ziga xos tomonlaridan biri shundaki, har gal boshqa mamlakatga ko‘chib o‘tganimizda madaniyati, siyosiy tizimi, tili, tarixi turlicha yurtlarga to‘g‘ri kelamiz. Shu ma’noda O‘zbekiston ham men uchun dunyoning mutlaqo yangi bir bo‘lagidir. Ilgari Osiyoda ishlamaganman. Hozir men uchun eng ahamiyatlisi, juda tez o‘zgarib borayotgan davlatni kuzatish. Mustaqillikka erishgan davlat sifatida ham, Prezident Mirziyoyev islohotlarining dastlabki natijalariga guvoh bo‘lish juda maroqli.
O‘zbekistonni o‘zim uchun kashf qilish juda ajoyib hissiyotlarni baxsh etadi. Bu zaminning go‘zal tabiati, tog‘, ko‘l, daryolari har qanday kishini rom qiladi. Ipak yo‘lidagi diqqatga sazovor joylarning ajoyib arxitekturasi, madaniy merosning betakrorligi yana bir o‘ziga xos jihat. Ayniqsa, milliy musiqa, raqs san’atini, to‘qimachilik, kulolchilik, o‘ymakorlik an’analarini yaxshi ko‘rib qoldim.
- Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar haqida qanday fikrdasiz?
- Islohot har qanday jamiyat uchun nihoyatda zarur. Transformativ texnologiyalar dunyoni juda tez o‘zgartirmoqda. Aynijarayon yoshlardan doimiy ravishda yangilikka ko‘nikib borishni talab qiladi. Bu, o‘z navbatida, ta’lim, hukumat va biznes tizimiga o‘zgarish kiritishni taqozo etadi. O‘zgarishlar butun dunyoni, barcha sohalarniqamrab olmoqda, lekin ta’lim tizimini isloh qilish hammasidan muhim. Menimcha, yoshlarni XXI asr qiyinchiligi, talabiga moslashtirish O‘zbekiston uchun eng muhim vazifalardan biri.
Qayd etish kerak, mamlakatingizda olib borilayotgan iqtisodiy-ijtimoiy islohot hayotiy ahamiyatga ega. Davlatning biznesdagi ishtirokini qisqartirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, biznesda, xususiy sektorda ishlashi mumkin bo‘lgan millionlab o‘zbekistonliklar malakasini oshirish, iqtisodiyotning kichik va o‘rta sektorini rivojlantirish – ijobiy holatlar. Shu bilan birga hali ko‘p korxonalarga davlat egalik qilyapti va bu mamlakatning uzoq muddatli manfaatiga mos kelmaydi.
O‘ylaymanki, hukumat xotin-qizlarning mehnat qilish, ta’lim olish va boshqa ijtimoiy imkoniyatlarini kengaytirish, aholinining 50 foizi iste’dodi va ko‘nikmasini ishga solish uchun amalga oshirayotgan ishlar juda muhim. Shuning o‘zi ulkan o‘zgarishlarga olib keladi. O‘zbekistoning mamlakat sifatida o‘ziga ishonchi kuchli. Eng muhimi,ommaviy axborot vositalari faoliyati erkinlashib, ochiq tus olmoqda. Bularning bari barqaror O‘zbekistonni yaratadigan muhim bosqichlar.
- Madaniy-gumanitar sohadagi O‘zbekiston– Britaniya munosabati, jumladan, ta’lim yo‘nalishidagi hamkorlik mavzusiga ham to‘xtalsak. Bilamiz, elchixona tomonidan yaxshi bir loyiha – “Chevining” dasturi yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur grantni qo‘lga kiritayotgan talabalar qaysi mezon orqali saralanadi?
- To‘g‘ri, “Chevining” haqida gapirish men uchun yoqimli va bu dastur bilan faxrlanaman. Binobarin, Britaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishi sifatida, ta’lim sohasiga oid loyihalarimiz bisyor. O‘zbekistonlik hamkasblari bilan aloqa o‘rnatishga intilayotganQirollik ta’lim muassasalari, xususan, oliy o‘quv yurtlari soni ortib bormoqda. Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti haqida hamma biladi. Umuman, hozir 20-30 ga yaqin Britaniya universiteti mamlakatingiz bilan sheriklik qilyapti. Va bu ko‘rsatkich mudom o‘sib boradi.
“Chevining” - eng nufuzli stipendiya dasturimiz. Biz yanada ko‘proq o‘zbek talabalarni Buyuk Britaniyaga o‘qishga yuborish istagidamiz. Haqiqiy yetakchilik qobiliyatini namoyish etish, yuqori cho‘qqiga ko‘tarilish ishonchiga, Qirollikning eng yaxshi universitetlaridan birida magistrlik darajasini muvaffaqiyatli bitirish uchun zarur salohiyatga ega bo‘lish ushbu stipendiyaning tanlov mezoni etib belgilangan. Shubhasiz, ingliz tilini yaxshi bilish ham majburiy,chunki Britaniyaga kelgach, talaba yuqori akademik kursdan o‘tishi shart. Mazkur grant orqali magistraturaning mavjud barcha yo‘nalishida tahsil olish mumkin. Masalan, ijtimoiy fanlar, siyosatshunoslik, biznes, sog‘liqni saqlash, iqlim masalasi – farqi yo‘q. Faqat, bizga yetakchilik salohiyati kuchli, ingliz tilini yaxshi o‘zlashtirgan va Buyuk Britaniyada o‘qish uchun haqiqiy motivatsiya ko‘rsata oladigan yoshlar kerak.
- Birlashgan qirollik, xususan, elchixona tomonidan amalga oshiriladigan loyihalar yo‘nalishi qanday belgilanadi? Kelgusida grant ajratish orqali yana qaysi sohalarni rivojlantirishga hissa qo‘shish mumkin, deb o‘ylaysiz?
- O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalarni moliyalashtirishning uch asosiy manbasi mavjud. “Iqtisodiy rivojlanish uchun samarali boshqaruv” deb nomlangan asosiy loyihamiz davlat siyosatida xalq bilan yaqindan ishlash tizimining mohiyatini nazarda tutadi. Ushbu dasturdagi dastlabki loyihalarimizni mehnat bozori islohoti, davlat korxonalarini boshqarish, davlat xaridi, yashil iqtisodiyot, rejalashtirish va soliq tizimi singari olti asosiy yo‘nalishda amalga oshirishga kirishdik.
O‘zbekiston hukumati bilan kelishilgan holda tanlangan ushbu yo‘nalishlarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorimiz Jahon Banki hisoblanadi. O‘ylashimcha, sa’y-harakatimiz samaraberyapti. Hozir keyingi bosqichga o‘tish jarayonidamiz. Shuningdek, hamkorlar bilan birga yana qaysi yo‘nalishda ish boshlash haqida ham o‘ylayapmiz.
Xususan, savdo munosabati va biznes-aloqa sohasida bir qator loyihalarimiz bor. Masalan, “City UK” bilan hamkorlikda Toshkent xalqaro moliya markazini yaratish bo‘yicha muayyan ishlarni amalga oshirdik. Qolaversa, hozir davom etayotgan jarayon – O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishida qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘ryapmiz. Biznesni rivojlantirishning boshqa yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlash imkoni ham mavjud. Masalan, o‘zbekistonlik tadbirkorlarga to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi tovar va mahsulotlarini Britaniyaga eksport qilishda ko‘maklashamiz. Bunda rivojlanayotgan mamlakatlar uchun mo‘ljallangan savdo sxemamizdan foydalangan holda, YUSAID bilan hamkorlikda bir dasturni boshladik. Ahamiyatlisi, iqlim o‘zgarishi bo‘yicha, ayniqsa, yoshlar bilan ishlash, ya’ni yoshlarga iqlim o‘zgarishini tushunishga yordam berish va o‘z jamiyatida iqlim o‘zgarishi oqibatining oldini olishga qaratilgan loyihalar yo‘lgaqo‘yilgan. Shu bilan birga gender zo‘ravonlikka qarshi kurashish va ayollar imkoniyatini kengaytirish bo‘yicha ish olib borilyapti.
Shu o‘rinda aytish kerak, avval biz so‘z erkinligi, ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish, mustaqil jurnalistlar, qolaversa, islohot va o‘zgarishlarni xalqqa yetkazish uchun davlat muassasalari bilan ishlash borasida ham muayyan ishlar qilganmiz. Shuningdek, birgalikda Britaniya modeli asosida fuqarolarga bepul yuridik yordam ko‘rsatuvchi “Madad” NNT faoliyatini izga tushirdik. Hozir ham “Madad”ga mablag‘ ajratib turibmiz.
- Yaqinda Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak mamlakatning tashqi yordamga sarflanadigan xarajati qisqarishi haqida gapirdi. Bu O‘zbekistondagi loyihalarga ham ta’sir ko‘rsatadimi?
- Menimcha, bu holatning sababi aniq. Biz yalpi milliy daromadning 0,7 foizini xorijdagi hamkorlarimiz taraqqiyoti yo‘lida ajratish majburiyatini olgan edik. Bu borada Buyuk Britaniya 2021 yil dunyoda to‘rtinchi o‘rinda edi. Afsuski, COVID-19 pandemiyasi barcha davlatlar iqtisodiyotni murakkab vaziyatga tushirdi. Natijada hukumat ayni yo‘nalishdagi xarajatni vaqtincha 0,5 foiz kamaytirishga qaror qildi. Bu nafaqat O‘zbekiston, balki boshqa yurtlardagi ahvolga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Hukumatning kelajakda bu raqamni 0,7 foizga ko‘tarish rejasi bor, ammo buning uchun qancha vaqt kerak, noaniq.
- Mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari faoliyati haqida qanday fikrdasiz? Qaysi nashr yoki internet saytlarini kuzatasiz? Umuman, bizdagi so‘z erkinligini qanday baholagan bo‘lardingiz?
- O‘zbekistonda so‘z va ommaviy axborot vositalari erkinligi sohasida rivojlanish bor, deb o‘ylayman. Agar olti yil avvalgi holat, muhit bilan solishtirilsa, mamlakat borasida sezilarli yutuqlarga erishganiga guvoh bo‘lish mumkin. Shu davr mobaynida ko‘plab mustaqil, onlayn ommaviy axborot vositalari yuzaga chiqdi. Ilgari mavjud bo‘lmagan – odamlar, xususan, yoshlarning bir-biri bilan ijtimoiy tarmoq orqali muloqot qilishi, suhbatlashishi, yangilik va fikralmashishi uchun butun bir blog makoni paydo bo‘ldi. To‘g‘ri, buning salbiy oqibati ham bor. Masalan, ba’zida ziddiyat kelib chiqadi yokibiror sub’ektiv fikr tarqalib ketadi. Baribir, erkin OAV zamonaviy jamiyatning ajralmas bir qismi.
O‘ylaymanki, O‘zbekiston so‘z erkinligi borasida ancha rivojlandi.Shu bilan birga hali OAVning to‘liq erkinligi haqida gapirishga erta. Hanuz sezilarli darajada o‘z-o‘zini senzura qilish, OAV ustidan nazorat holatlari mavjud, Jurnalist uchun yozish qiyin bo‘lgan muammolar ham uchraydi. Quvonarlisi, jurnalistika standarti asta-sekin shakllanmoqda. Men mamlakat yangiliklarini ko‘pincha “uza.uz”, “gazeta.uz” va “kun.uz” saytlari orqali kuzatib boraman.
- Tim Torlot janoblari, so‘nggi savolim: O‘zingizga yaxshi ma’lumki, keyingi yillarda Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo, ayniqsa, O‘zbekiston bilan munosabatni kengaytirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Shunday bir vaziyatda Buyuk Britaniyaning ittifoqni tark etishi mamlakatimiz bilan hamkorlik rivojiga ham salbiy ta’sir etmaydimi?
- O‘zbekiston bilan munosabatimiz mustahkam. Mavjud hamkorlikni biz ikki mustaqil suveren davlat sifatida rivojlantirish uchun astoydil harakat qilyapmiz. So‘nggi to‘rt yil ichida Birlashgan Qirollik elchixonasida ishlayotgan diplomatlar soni ik ki marta ko‘paydi. Bu bizning ushbu mamlakat bilan aloqamiz muhimligini anglatadi. Eng muhimi, barchamiz uchun O‘zbekistonning ahamiyati tobora ortmoqda. O‘ylaymanki, biz, Yevropa Ittifoqi va ko‘hna qit’adagi boshqa hamkorlar O‘zbekiston hukumati, jamiyati va xalqi uchun ham, xuddi shunday, muhim.
Qolaversa, bugun xalqaro hamjamiyatga yaxshi ma’lum, barcha xorijiy hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor ijobiy jihatidir.
O‘zA muxbiri
Go‘zal Sattorova suhbatlashdi.
Murojaat tasnifi | Yuborish usuli | Kelib tushgan sana | Ko'rib chiqilgan sana | Hudud |
---|---|---|---|---|
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратиш | Президент почтаси | 6 May 2024 | 18 Sentabr 2024 | Navoiy viloyati |
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуриш | Ишонч телефони | 17 Noyabr 2023 | 27 Fevral 2024 | Toshkent viloyati |
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозилик | Веб-сайт | 14 Fevral 2024 | 20 Fevral 2024 | Jizzax viloyati |
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикаси | Веб-сайт | 13 Fevral 2024 | 27 Fevral 2024 | Surxondaryo viloyati |
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИ | Веб-сайт | 29 Aprel 2024 | 2 May 2024 | Toshkent viloyati |