Bugungi kunda davlat idoralari rahbarlarining xalq ichiga kirib borishi, fuqarolarning kundalik hayotdagi mavjud muammolariga qonun doirasida yechim topib, amaliy yordam ko‘rsatishi, huquq va manfaatlarini himoya qilib, adolat mezonini qaror toptirishi e’tibordagi muhim vazifalaridan biriga aylandi.
2016-yil 28-dekabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon ijrosini ta’minlash, tizimda xalq bilan muloqot va inson manfaatlarini himoya qilish mexanizmini takomillashtirish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan sayyor qabulxonalarga murojaat qilayotgan fuqarolar muammosiga yechim topganidan minnatdorlik hissini tuymoqda.
Bu galgi qabulda Andijon tumanining Nayman mahallasida istiqomat qilayotgan 60 yoshli Gavharoy ona Tojiboyevaning ham yuz-ko‘zidan ana shunday quvonch porlayotganini ko‘rib, uni suhbatga chorladik.
“O‘g‘lim Hikmatillo Usmonov shu yil Qarshi shahrida muddatli harbiy xizmatni o‘tab keldi. Farzandlarimdan birini ichki ishlar sohasida ishlashini orzu qilardim. Bu maqsad o‘g‘limda ham yo‘q emas edi. Bugun viloyat IIB boshlig‘ining qabuliga kirdim. Murojaatimiz qisqa fursatda yechim topdi — Hikmatillo Andijon shahar IIOFMBning qo‘riqlash bo‘limida faoliyat yuritadigan bo‘ldi. Bundan butun oila a’zolarimiz juda ham xursandmiz”.
Shahrixon tumanida yashovchi Farhodbek Salimov 30 yoshda. U akasining sinfdosh do‘sti Iqbol Yunusovning va’dalariga uchib, shu yilning fevral oyida Rossiyaga ishlash uchun jo‘nab ketadi. Uch oy ter to‘kib, mehnat qilgan Farhodbek haligacha mahalladoshidan xizmat haqini ololgani yo‘q. Umidini uzmagan bu yigit ham o‘z muammosiga yechim topish niyatida qabulga kelibdi. Uning murojaati IIB xodimlari tomonidan tinglanib, holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi. Kun davomida Farhodbek singari 30 nafarga yaqin fuqaro turli masalalarda murojaat qildi.
Shu o‘rinda qayd etish joizki, boshqarma va uning shahar, tuman bo‘limlari rahbarlari tomonidan ham jismoniy va yuridik shaxslarning qabuli yo‘lga qo‘yilgan. Har jihatdan qulay, tezkor, samarali bo‘lgan sayyor va virtual qabulxonalar imkoniyatlarni kengaytirib, aholining ichki ishlar organlariga ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Mazkur qabulxonalarga tushayotgan murojaatlar yuzasidan tezkor o‘rganish va surishtiruvlar olib borilib, aksariyati o‘sha zahoti joyida, tekshirishni talab etadigan murojaatlar esa qat’iy nazorat ostida belgilangan muddatlarda hal etilyapti.
Viloyatning Paxtaobod, Bo‘z, Ulug‘nor, Qo‘rg‘ontepa, Baliqchi, Izboskan, Asaka va Jalaquduq tumanlarida o‘tkazilgan sayyor qabulda fuqarolar tomonidan 378 ta masala ko‘tarilgan. Shundan 354 tasi joyida yechim topgan, 24 tasi esa qo‘shimcha o‘rganish o‘tkazish orqali ko‘rib chiqilishi ta’minlangan.
Xalq bilan muloqot qilish orqali odamlar qalbidagi orzu-maqsadlarning amalga oshishiga ko‘maklashish, muammolarini o‘rganib, kamchiliklarini bartaraf etish, ijtimoiy muhofazaga muhtoj insonlarni himoyalash kabi ezgu say’-harakatlar davom etmoqda. Viloyat IIB va uning barcha tuman-shahar bo‘limlari eshiklari murojaatchilar uchun hamisha ochiq.
Mirolim Isajonov, “Daryo” muhbiri
Murojaat tasnifi | Yuborish usuli | Kelib tushgan sana | Ko'rib chiqilgan sana | Hudud |
---|---|---|---|---|
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратиш | Президент почтаси | 6 May 2024 | 18 Sentabr 2024 | Navoiy viloyati |
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуриш | Ишонч телефони | 17 Noyabr 2023 | 27 Fevral 2024 | Toshkent viloyati |
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозилик | Веб-сайт | 14 Fevral 2024 | 20 Fevral 2024 | Jizzax viloyati |
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикаси | Веб-сайт | 13 Fevral 2024 | 27 Fevral 2024 | Surxondaryo viloyati |
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИ | Веб-сайт | 29 Aprel 2024 | 2 May 2024 | Toshkent viloyati |