Buxoro viloyatida ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar qanday bormoqda, ularning samaracini odamlar oʻz hayotida sezyaptimi? Hali yechimini kutayotgan qanday muammolar mavjud? Bu Xalq deputatlari Romitan tuman kengashining sessiyasi muhokamasiga qoʻyilgan bosh masala boʻldi.
Unda tumanning ijtimoiy-iqtisodiy holatini oʻrgangan Respublika ishchi guruhi aʼzolari, Prezident Administratsiyasi, viloyat va tuman tashkilotlari vakillari, deputatlar, fuqarolarning oʻzini boshqarish organlari raislari va boshqalar ishtirok etdi.
Respublika ishchi guruhi tomonidan tumandagi 45 ta mahallada uyma-uy yurish hamda ijtimoiy va boshqa obyektlarni oʻrganish davomida jami 5 ming 896 ta muammo aniqlangan. Tahlillar koʻrsatishicha, ularning qariyb chorak qismi ichimlik suv masalasiga oid. Shuningdek, bandlik, gaz va elektr taʼminoti, tibbiy xizmatdagi kamchiliklar, ichki yoʻllar noobodligi odamlarni koʻproq bezovta qilmoqda.
– Ha, kamchiliklar talaygina va ogʻriqli, – dedi sessiyada Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati N.Sobirov. – Ular orasida oʻz vaqtida va ozgina eʼtibor qaratilsa hal boʻladigan masalalar ham bor. Ishchi guruh aralashuvi bilan 768 ta vakant ish oʻrni aniqlandi hamda 71 nafar ishsiz fuqaroning bandligi taʼminlandi, 495 nafar fuqaro vaqtinchalik haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb etildi. Buxoro tibbiyot instituti professor-oʻqituvchilari va viloyat shifoxonalarining yetakchi mutaxassislari tomonidan tumanning chekka hududlarida chuqurlashtirilgan tibbiy koʻriklar oʻtkazildi. Natijada turli kasalliklarga chalingan 556 nafar bemor aniqlandi. Ularning 531 nafariga ambulator, 35 nafariga statsionar, 6 nafariga esa viloyat markazidagi shifoxonalarda davolanish uchun yoʻllanma berildi. 17 nafar pensioner va nogironga sihatgohda salomatligini tiklash imkoniyati yaratildi. Oʻrganishdan soʻng oʻtgan bir oy mobaynida muammolarning qariyb 80 foizi yechim topgan.
Ishchi guruh hal etilishini kutayotgan koʻplab masalalar mavjudligini aniqlagan. Masalan, ijtimoiy yordamga va uy-joyga muhtoj 62 ta oila bor. Shu bilan birga, umumtaʼlim va maktabgacha taʼlim muassasalarida ham muammolar uchraydi. Ayrim taʼlim muassasalari taʼmirtalab, ayniqsa, 9 ta umumtaʼlim maktabi sport zaliga ega emas. Shuningdek, tumandagi 21 ta mahalla fuqarolar yigʻini hududida maktabgacha taʼlim muassasasi yoʻq. Ahvoli nochor bogʻchalar ham anchagina. Qishloqlarda tibbiyot muassasalari jiddiy eʼtiborga muhtoj. Chunonchi, “Qoʻrgʻon” MFY hududidagi qishloq vrachlik punkti avariya holatida.
Tumandagi umumiy uzunligi 1 ming 786 kilometr ichki yoʻllarning 1 ming 250 kilometri taʼmirtalabligicha qolmoqda. Agar ishga jiddiyroq yondashilsa, kamchiliklarni bartaraf etish masalasida oʻzgarish qilish mumkin. Masalan, Respublika ishchi guruhi tashabbusi va tuman hokimligi saʼy-harakati bilan oʻn kun davomida Pulgʻoʻshak, Chortugʻ qishloqlaridagi 3,5 kilometrlik ichki yoʻllar tekislanib, shagʻal yotqizildi.
Sessiyada boshqa sohalardagi muammolar ham muhokama qilindi. Tuman hududida elektr uzatish tarmoqlaridagi 1000 dan ziyod eskirgan yogʻoch tayanchlar temir-beton tayanchlarga almashtirish xavfsizlik nuqtai nazaridan muhimligi, hudud aholisining atigi 32,7 foizi ichimlik suv bilan taʼminlangani, 4 ta suv saqlash minorasi ishchi holatini yoʻqotgani sabab yangidan qayta qurish lozimligi, buning ustiga suv quvurlarining 87,6 kilometri taʼmirtalab ekaniga eʼtibor qaratildi.
Tadbirda “Obod qishloq” dasturi ijrosi, koʻp qavatli uylar holati, qabristonlarda obodonlashtirish ishlaridagi kamchiliklar, tumanning olis hududlari – Gazli shahri va “Qizilravot” mahalla fuqarolar yigʻinini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda yuz berayotgan muammolar ham muhokama qilindi.
Taʼkidlash kerakki, tilga olingan muammolar oʻquvchini tumanda ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda aytarli ish qilinmagan ekan, degan xulosaga undamasligi kerak. Hududda sezilarli oʻzgarishlar bor. Buni Romitanga kelgan kishi sezishi mumkin. Lekin, boshqa joylarda boʻlgani kabi hududda ham toʻplanib qolgan muammolar yetarli. Sessiyada taʼkidlanganidek, ularni yashirmaslik, xaspoʻshlamaslik, balki hal qilishga yangicha yondashish, yechimini topish lozim. Katta mablagʻ talab etilmaydigan masalalarni ular katta muammoga aylanmasidan oldin bartaraf etish, befarq boʻlmaslik, bu borada ayniqsa, tuman kengashi deputatlari, mahalla fuqarolari yigʻinlari, umuman, barcha faol boʻlishi kerak.
Tadbirda tuman hokimi B.Halimov va soha mutasaddilari yechimini kutayotgan masalalar yuzasidan oʻz takliflarini bildirdi.
Sessiyada oʻrganishlar davomida aniqlangan hamda maʼlum vaqt va mablagʻ talab etiladigan, xususan, ichimlik suvi, yoʻllarni taʼmirlash, taʼlim va tibbiyot muassasalari, shuningdek, boshqa sohalardagi oʻta dolzarb masalalar boʻyicha har bir sektorning “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqilishi taʼkidlandi. Unda hudud, viloyat va respublika miqyosida hal etiladigan ishlarning aniq muddati va moliyalashtirish manbalari koʻrsatiladi.
Respublika ishchi guruhi tomonidan aniqlangan masalalar barcha shahar va tumanlarda mahalliy kengashlar sessiyalarida muhokama qilindi.
Erkin Yodgorov, OʻzA
Murojaat tasnifi | Yuborish usuli | Kelib tushgan sana | Ko'rib chiqilgan sana | Hudud |
---|---|---|---|---|
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратиш | Президент почтаси | 6 May 2024 | 18 Sentabr 2024 | Navoiy viloyati |
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуриш | Ишонч телефони | 17 Noyabr 2023 | 27 Fevral 2024 | Toshkent viloyati |
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозилик | Веб-сайт | 14 Fevral 2024 | 20 Fevral 2024 | Jizzax viloyati |
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикаси | Веб-сайт | 13 Fevral 2024 | 27 Fevral 2024 | Surxondaryo viloyati |
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИ | Веб-сайт | 29 Aprel 2024 | 2 May 2024 | Toshkent viloyati |