Prezident Shavkat Mirziyoyev 29-avgust kuni Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari, turli sohalarda ishga tushirilayotgan yangi ob’ektlar bilan tanishdi.
Mustaqillik xalqimizga erkinlik, ro‘shnolik olib kelganidek, har yili bu ayyomda yaxshiligu yangiliklar ko‘p bo‘ladi. Bu yil ham barcha hududlarda iqtisodiy-ijtimoiy inshootlar ishga tushirilmoqda.
Ulug‘ ayyom oldidan davlatimiz rahbari poytaxtimizdagi ana shunday bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Prezidentning 2022-yil 27-apreldagi bojxona ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirishga doir farmonida sohani raqamli transformatsiya qilish, xizmatlar sifati va tezkorligini oshirish chora-tadbirlari belgilangan edi. Jumladan, shu maqsadda Bojxona qo‘mitasida Bojxona rasmiylashtiruvi markazi barpo etildi.
Davlatimiz rahbari ushbu majmuani borib ko‘rdi.
Bu yerda Ma’lumotlarni qayta ishlash markazi, Masofaviy elektron deklaratsiyalash posti, “Call-markaz”, Targetlash va xavflarni boshqarish bo‘limlari tashkil etilgan. Axborot tizimi xorijiy davlatlar, mamlakatimiz vazirlik va idoralari, tashqi iqtisodiy faoliyat vakillari, aviakompaniyalar ma’lumotlari bilan integratsiya qilingan. Ishni tashkil etishda tadbirkorlarning takliflari ham inobatga olingan.
Ma’lumotlarni qayta ishlash markazi amaldagi zaxiraga nisbatan o‘n barobar katta hajmli zamonaviy serverlar, kompyuter va boshqa zarur uskunalar bilan jihozlangan. Bu aloqa kanallari tezligini 5 barobarga oshirish va rasmiylashtiruv vaqtini 2 barobarga qisqartirishni ta’minlaydi. Butun tizim kiberhujumlardan himoyalangan.
Masofaviy elektron deklaratsiyalash postida dastlabki bosqichda Toshkent shahri tadbirkorlari masofadan turib yuboradigan bojxona yuk deklaratsiyalarini tezkorlik bilan rasmiylashtirish yo‘lga qo‘yildi. Keyinchalik bu bilan respublikadagi barcha rasmiylashtiruv jarayonlarini qamrab olish rejalashtirilgan.
“Call-markaz”da bojxona organlarining 11-08 ishonch telefoni hamda qo‘mita veb-sayti orqali kelib tushayotgan murojaatlarga javob beriladi.
Targetlash va xavflarni boshqarish bo‘limi Jahon bojxona tashkiloti bilan hamkorlikda, rivojlangan davlatlar tajribasi asosida ochilgan. Bu yerda tezkor tuzilmalar tomonidan bojxonaning 50 ta, Jahon bojxona tashkilotining 3 ta axborot dasturi, 30 dan ortiq idoralar va xorijiy bojxonalarning ma’lumotlari tahlil qilinib, xavf-xatarlar baholanadi va barcha bojxona postlari faoliyati masofadan boshqariladi.
Markaziy bojxona laboratoriyasi ham ekspertiza jarayonlarini qisqartirish va aniqligini oshirishga qaratilgan ilg‘or uskunalar bilan jihozlandi.
Umuman, Prezident farmoni asosida soha raqamlashtirilishi natijasida bojxona rasmiylashtiruvi vaqti o‘rtacha 2 barobarga qisqardi. Masalan, shu vaqt eksport yo‘nalishida 2017 yilda 5 soat 42 daqiqa edi, 2023 yilda 30 daqiqani tashkil etmoqda.
Import tovarlarining 80 foizi va eksport tovarlarining 89 foizi soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirilmoqda. Bojxona yuk deklaratsiyalarini sun’iy intellekt yordamida avtomatik rasmiylashtirish hajmi ham oshirilmoqda.
– Bu sharoitlar, natijalar, albatta, odamni quvontiradi. Lekin raqamlashtirish shunday jarayonki, bir joyda cheklanib qolmaydi. Sohada qilingan ishlardan ko‘ra, qilinishi kerak bo‘lgan vazifalar ko‘p. Shuning uchun qulayliklarni muntazam oshirib borish zarur. Tizim faoliyatiga tadbirkorlar baho berishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Import tarkibining tahlili asosida mahalliy tadbirkorlarga taklif berish, bojxona hududida qayta ishlashni kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Xodimlarning moddiy-ijtimoiy sharoitlarini yaxshilab, tizimni korrupsiyadan xoli sohaga aylantirish vazifasi qo‘yildi.
Poytaxtimizning Yashnobod tumanida ikkita yirik shifo maskani – Milliy tibbiyot markazi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan otorinolaringologiya va bosh-bo‘yin kasalliklari ilmiy-amaliy tibbiyot markazi barpo etildi.
Davlatimiz rahbari 2020-yil noyabrda ularning qurilishini kelib ko‘rgan, bu yerda qanday imkoniyatlar bo‘lishi lozimligi haqida ko‘rsatmalar bergan edi. Muassasalardagi bugungi zamonaviy sharoit va ish tartibi shuning amaliy ijrosi, deyish mumkin.
Shifo maskani hududi to‘rt gektardan ortiq. Jami bir yarim ming kvadrat metr maydonga ega yettita bino barpo etilgan. Qurilish va jihozlashda xorijning ilg‘or tajribasiga tayanilgan. Shu bois arxitekturasi mukammal. Shoshilinch yordam, reanimatsiya, infeksiyali holatlar – barchasi inobatga olingan.
Milliy tibbiyot markazi, boshqa shifoxonalardan farqli ravishda, universal bo‘ladi. Bu yerda jarrohlik, urologiya, transplantologiya, travmatologiya-ortopediya, ginekologiya, kardioxirurgiya, nefrologiya, kardiologiya, endokrinologiya, kardiorevmatologiya, stomatologiya va boshqa bo‘limlar tashkil etilgan. Jami 169 turdagi mingtadan ko‘p ilg‘or tibbiy asbob-uskunalar o‘rnatilgan.
Markaz besh yuz o‘ringa mo‘ljallangan. Ambulator va statsionar tartibda ikki yuzdan ortiq tibbiy xizmat ko‘rsatiladi. Yiliga uch mingdan ziyod, jumladan, aorta-koronar shuntlash, estetik-plastik xirurgiya, artroplastika, organ va to‘qimalarni ko‘chirib o‘tkazish kabi yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini bajarish quvvati mavjud. Markazda mamlakatimizning olis hududlaridagi bemorlarga masofadan tashxis qo‘yish, davolash imkoniyati yaratilmoqda.
Muassasa faoliyatida Germaniya, Turkiya, Janubiy Koreya kabi davlatlarning yetakchi klinikalari bilan hamkorlik qilinadi. Chet ellik shifokorlar, o‘zimizning xorijda malaka oshirgan mutaxassislarimizdan iborat jamoa – 250 nafar shifokor, 500 nafar o‘rta tibbiyot xodimi faoliyat olib boradi.
Bunday imkoniyatlarga ega markaz mamlakatimizda birinchisi. Qoraqalpog‘iston va viloyatlarda faoliyat yuritayotgan ko‘p tarmoqli klinikalar u bilan bog‘lanadi.
Prezident majmua hududidagi Respublika ixtisoslashtirilgan otorinolaringologiya va bosh-bo‘yin kasalliklari ilmiy-amaliy tibbiyot markazida ham bo‘ldi.
Bu markaz mazkur kasalliklarni davolash bilan birga mamlakatimizda otorinolaringologiya yo‘nalishidagi ishlarni muvofiqlashtiradi. Bu yerda “Yuqori nafas yo‘llari a’zolari fiziologiyasi va patologiyasi”, “Eshitish va muvozanat a’zolari fiziologiyasi va patologiyasi”, “Foniatriya va ronxopatiya” ilmiy laboratoriyalari tashkil etildi. Simulyatsion amaliy laboratoriya, jarrohlik xonalari va 60 ta o‘rin-joylar zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlandi.
Davlatimiz rahbari ushbu markazlardagi qulayliklar bilan tanishdi, shifokorlar bilan suhbatlashdi. Soha mas’ullari bilan muloqotda ushbu markazlar yonida xorijiy tibbiyot instituti tashkil etish, kadrlar malakasini oshirish, kasalliklar profilaktikasini kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev yangilangan Respublika bolalar kutubxonasini borib ko‘rdi.
Davlatimiz rahbari faoliyatining ilk kunlaridan yoshlar ta’lim-tarbiyasiga alohida e’tibor qaratib kelmoqda. 2017 yilda kitoblar nashr etishni rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish bo‘yicha Prezident farmoyishi qabul qilingan edi. Kitobxonlarni rag‘batlantirish yo‘lga qo‘yildi.
Bu siyosatning yana bir ifodasi sifatida yaqinda Respublika bolalar kutubxonasi yangilandi.
1907-yilda qurilgan tarixiy bino restavratsiya qilinib, zamonaviy jihozlandi. Bugun muassasa har jihatdan qulay, shinam va yorug‘. Endi u nafaqat bolalar, balki kattalarning ham sevimli maskaniga aylanmoqda.
Kutubxona o‘zbek va jahon bolalar adabiyotiga oid 180 ming kitob fondiga ega. Zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanilayotgani xodimlar ishini yengillashtirib, kitobxon bolalarga qo‘shimcha qulaylik yaratgan. Jumladan, tashrif buyuruvchilar maxsus ID-karta oladi. U orqali kitobxonlarni ro‘yxatga olish, kitob olish va topshirish jarayonlari elektron tarzda tashkil etiladi.
Elektron kutubxonani rivojlantirish, video va audio resurslar fondini boyitish, foydali veb-kontentlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Audio kitoblarni tinglash xonasi tashkil etilgan.
Prezident ushbu sharoitlarni ko‘zdan kechirdi, kitob o‘qiyotgan va chet tillarini o‘rganayotgan bolalar bilan muloqotda bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari kutubxonani maktablar bilan samarali bog‘lab, 180 ming kitob fondidan ularni bahramand qilish, bu yerga ko‘proq yoshlarni jalb etish zarurligini ta’kidladi.
Muassasada xalqaro konferensiya, seminar va boshqa tadbirlarni ham bevosita, ham onlayn o‘tkazish imkoni yaratilgan. Hudud obodonlashtirilib, yangi qiyofaga kirgan. Mo‘’jazgina amfiteatr tashkil etilgan.
Kutubxonaga avtotransport ajratish, yangi kitoblar sotib olish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Poytaxtimiz jamoat transportida metropolitenning o‘rni juda katta. Uning qamrovini kengaytirish maqsadida, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yerusti metrosi vujudga keldi.
O‘tgan yillarda bu ulkan loyihaning birinchi bosqichi va Sergeli yo‘nalishi ochilgan edi. Joriy yilda ikkinchi bosqich – Qo‘yliqdan Sergeligacha bo‘lgan yerusti metrosi qurib bitkazildi.
Prezident ushbu transport inshootini borib ko‘rdi, jamoatchilik vakillari bilan birga metroda yurdi.
– 2017-yilda bu loyihani boshlaganimizda ishonmaganlar ham bo‘lgan edi. Mana, Xudoga shukur, yerosti va yerusti metro yo‘llari bog‘lanib, halqaga aylandi. To‘g‘ri, og‘ir bo‘ldi. Lekin xalqimizga xizmat qiladigan, tarixda qoladigan yo‘l bu. Odamlarimiz, farzandlarimiz bunda yurib, davlatdan rozi bo‘lsa, niyatimizga yetgan bo‘lamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mazkur ikkinchi bosqich doirasida 12 kilometr estakada yo‘l va 7 ta bekat barpo etilgan. Bu oraliqdagi qatnov vaqti 15 daqiqani tashkil etadi. Bir kunda 40 mingdan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatiladi.
Umuman, bugun Toshkent metropolitenining jami uzunligi 70 kilometrdan oshdi. Shundan 38 kilometri 1977 yildan keyin bunyod etilgan bo‘lsa, oxirgi 7 yilda 32 kilometr metro yo‘li qurildi. Bekatlar soni 50 taga yetdi. Metroda yuruvchi kunlik yo‘lovchilar soni 750 mingga yetishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, joriy yilda poytaxtimizga mingta avtobus olib kelindi. Natijada jamoat transportidan kuniga 1 million 400 ming nafargacha yo‘lovchi foydalanmoqda. Bu shaxsiy transportlarga ehtiyojni, pirovardida ko‘chalarda tirbandlikni kamaytirishda muhim omil bo‘lmoqda.
Davlatimiz rahbari Sergeli tumanidagi Yangi Bunyodobod mahallasida bo‘lib, sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.
Bu yerda 6 mingdan ziyod aholi yashaydi. 13 ta ko‘p qavatli uy, maktab, bolalar va o‘smirlar sport maktabida barcha sharoitlar yaratilgan. Mahallaning drayveri – xizmat ko‘rsatish. Yaqinda maishiy xizmat shoxobchalari, tikuvchilik korxonasini o‘z ichiga olgan ish markazi barpo etildi. Ularda mahalliy yoshlar foydali mehnat bilan band.
Prezident tikuvchilik korxonasidagi ayollar bilan suhbatlashdi. Uning rahbari ayollar tadbirkorligiga berilayotgan imkoniyatlar tufayli yangi uskunalar olgan, faoliyatini kengaytirgan.
– Biz nima uchun xotin-qizlar masalasiga alohida e’tibor qaratamiz? Chunki bu oilaga, farzandlarimizga, kelajak avlodlarimizga e’tibordir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Fuqarolar yig‘ini binosi zamonaviy qiyofaga ega. Bu yerda kutubxona, til o‘rganish to‘garaklari ham bor. Mahalla hududi obodonlashtirilgan. O‘yin va sport maydonchalari ta’mirlangan. Ikki yilda mahallada bironta jinoyat sodir etilmagan.
Mahalla raisi va faollari bilan suhbatda yoshlar bandligini ta’minlash, madaniy tadbirlar va musobaqalar tashkil etib, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish haqida so‘z bordi. Tuman rahbarlariga ijtimoiy ahamiyatli loyihalarni ko‘paytirish, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Murojaat tasnifi | Yuborish usuli | Kelib tushgan sana | Ko'rib chiqilgan sana | Hudud |
---|---|---|---|---|
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратиш | Президент почтаси | 6 May 2024 | 18 Sentabr 2024 | Navoiy viloyati |
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуриш | Ишонч телефони | 17 Noyabr 2023 | 27 Fevral 2024 | Toshkent viloyati |
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозилик | Веб-сайт | 14 Fevral 2024 | 20 Fevral 2024 | Jizzax viloyati |
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикаси | Веб-сайт | 13 Fevral 2024 | 27 Fevral 2024 | Surxondaryo viloyati |
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИ | Веб-сайт | 29 Aprel 2024 | 2 May 2024 | Toshkent viloyati |