Bundan roppa-rosa bir yil oldin Prezidentimiz tashabbusi bilan Adliya vazirligi huzurida Davlat xizmatlari agentligi tashkil etildi. Agentlikning asosiy vazifasi etib, byurokratiya va korrupsiyaning oldini olish, xalqning davlat organlariga boʻlgan ishonchini qozonish qilib belgilandi.
Muxbirimiz sohada oʻtgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar va tizimdagi muammolar xususida toʻliq maʼlumotga ega boʻlish maqsadida Davlat xizmatlari agentligi direktori Turaxoʻjayev Xalilillo Sobirjonovich bilan suhbatlashdi.
– Bugungi kunda mamlakatimiz boʻylab jami 201 ta Davlat xizmatlari markazi qariyb 100 turdagi xizmatlarni ham yuridik, ham jismoniy shaxslarga tezkor, qulay, shaffof va sifatli tarzda koʻrsatib kelinmoqda. 2021 yilgacha esa ushbu xizmatlar turini 163 taga yetkazish rejalashtirilgan. Umuman olganda, yangi turdagi davlat xizmatlarini joriy etishda nimalarga eʼtibor qaratilmoqda?
– Hozirda Markazlar orqali koʻrsatilayotgan xizmat turi 37 dan 103 ga yetdi. Eʼtiborli jihati, oʻtgan yildan farqli ravishda joriy yilning aprel oyidan boshlab, xizmatlar nafaqat tadbirkorlik subyektlariga, balki fuqarolarimiz – jismoniy shaxslarga ham koʻrsatila boshlandi. Natijada markazlar orqali koʻrsatilgan xizmatlar soni ham keskin ravishda ortdi. Masalan, 2017 yilda respublika boʻyicha sobiq “Yagona darcha” markazlari orqali 120 ming xizmat koʻrsatilgan boʻlsa, 2018 yilda Davlat xizmatlari markazlari orqali qariyb 5 millionga yaqin xizmat, yaʼni oʻtgan yilga nisbatan 40 barobarga koʻproq xizmatlar koʻrsatildi.
– Nima uchun eng koʻp talab qilinayotgan davlat xizmatlarini aynan Markazlar orqali koʻrsatish amaliyoti joriy etilmoqda? Bundan koʻzlangan asosiy maqsad nima?
– Maqsad shundan iboratki: birinchidan, aholining davlat organlariga bir necha marotaba murojaat qilishining oldi olinadi. Ikkinchidan, endilikda fuqarolarimiz murojaatining natijasi nima boʻldi, ekan deya davlat idoralari mutasaddilari ortidan quvib yurmaydi. Bu ishni Davlat xizmatlari markazlari oʻz zimmasiga olgan holda boshqa davlat idoralari tomonidan talab qilib oladi. Yaʼni, fuqarolarga xizmatning oʻz vaqtida koʻrsatilishini, ortiqcha hujjatlar talab qilinmasligini hamda asossiz rad etilishi xavfidan himoya qilib boradi.
– Bugun qulogʻimizga eksperimental markazlar, eksperimental xizmatlar kabi tushunchalar tez-tez chalinib turibdi. Bu haqda ham toʻxtalib oʻtsangiz?
– Biz joylarda uyma-uy yurish davomida odamlarning fikrini oʻrganib, ularning talabi va ehtiyoji yuqori boʻlgan, shuningdek, xizmatlardan foydalanish tartibi murakkab, taqdim etiladigan hujjatlar roʻyxati keng boʻlgan davlat xizmatlarini Davlat xizmatlari markazlari orqali joriy etish amaliyotini yoʻlga qoʻydik.
Buning uchun, har bir viloyatda 1 tadan Davlat xizmatlari markazlari eksperimental markazlar sifatida tanlanib, ular orqali 31 turdagi xizmat eksperiment, yaʼni sinov tariqasida joriy etildi.
Birgina misol, bu yil Toshkent Davlat yuridik universitetiga oʻqishga kirish uchun hujjatlarni topshirish xizmati tajriba tariqasida yoʻlga qoʻyildi. Bunda masalan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moʻynoq tumanidan abituriyent Toshkentga kelib ketishi va hujjat topshirishi uchun 1 mln. 500 ming, agar u hamroh bilan keladigan boʻlsa, 3 mln. xarajat qilishi kerak boʻlgan.
Biz bularning barchasini inobatga olgan holda, xizmatdan foydalanish tartibini tubdan oʻzgartirib, taqdim etiladigan hujjatlarni qisqartirdik va soddalashtirdik. Natijada 7000 mingdan ortiq yoshlarimiz uzoq va chekka hududlardan Toshkent Davlat yuridik universitetining Qabul komissiyasiga kelmasdan, oʻzi istiqomat qilayotgan hududdagi Davlat xizmatlari markazlari orqali oʻqishga hujjat topshirdi.
Huddi shunday oldimizda turgan eng katta vazifa, bu – 2019 yilning iyun oyidan eʼtiboran, respublikaning barcha oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning Davlat xizmatlari markazlari orqali koʻrsatilishini taʼminlash. Buning uchun Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Davlat test markazi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan tashkiliy ishlar boshlab yuborilgan.
– Albatta, elektron xizmatlardan foydalanishni toʻliq joriy qilish Davlat xizmatlari markazlariga tashrif buyuruvchi aholi sonining kamayishiga, joylarda turnaqator navbatlar koʻpayishining oldi olinishiga xizmat qiladi. Biroq, respublikamizning togʻli va chekka maskanlarida internet tezligi past boʻlgan hududlar ham bor. Ular uchun qanday qoʻshimcha qulayliklar yaratilmoqda?
– Toʻgʻri taʼkidladingiz, ayrim olis hududlar aholisi uchun Internet orqali xizmat olish imkoniyati yaratilmagan, shuning uchun mahalliy davlat hokimligi organlari bilan hamkorlikda Davlat xizmatlari markazlari maxsus jihozlangan avtotransport vositalari (Damas) bilan taʼminlandi.
Shuningdek, Turkiyaning TIKA tashkiloti hamkorligida grantlar asosida har bir hududga “mobil ofis”lar avtobus (Isuzu)lar sotib olinib, foydalanishga topshirildi. Markaz xodimlari har haftaning shanba-yakshanba kunlari jadval asosida olis hududlar aholisi uchun “mobil” xizmatlar koʻrsatib kelmoqda.
Oʻtgan davr mobaynida 90 mingdan ortiq “sayyor” davlat xizmatlari koʻrsatildi. Bundan tashqari, ayrim tumanlar markazidan 100 km.dan – 300 km.gacha uzoqlikda joylashgan 40 ga yaqin mahalla, qishloq va ovul fuqarolar yigʻinlarida bu kabi shoxobchalar tashkil etildi.
Bunga misol qilib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qoʻngʻirot tumani Davlat xizmatlari markazidan 380 km. uzoqlikda joylashgan “Qoraqalpogʻiston” MFYda Davlat xizmatlari markazining shoxobchasining ochilganini aytish mumkin. Mazkur shoxobcha mingga yaqin fuqarolar ijtimoiy hayotda zarur boʻlgan xizmatlar uchun 300 km. dan ortiq masofani bosib oʻtishdek mashaqqatdan xolos boʻlganidan, ularning ham vaqti, ham puli tejalishiga xizmat qilayotganidan dalolat beradi.
– Ijtimoiy tarmoqlarda baʼzi fuqarolar Davlat xizmatlari markazlari orqali koʻrsatilayotgan ayrim xizmatlar uchun undiriladigan toʻlov miqdori yuqori ekanidan norozi boʻlishmoqda. Markazda pullik asosda navbatsiz xizmat koʻrsatish mexanizmi joriy etilganmi? Navbatsiz xizmat koʻrsatish tabaqalashtirish, qoʻshimcha pul toʻlashni xohlamagan fuqarolarning manfaatlarini cheklab qoʻyish degani emasmi?..
– Bu – mutlaqo nooʻrin eʼtiroz. Sababi, navbatsiz xizmat koʻrsatish (tezkor xizmat) xizmati deyarli barcha rivojlangan mamlakatlarda (Yevropa mamlakatlari, Janubiy Koreya, Yaponiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Gruziya, Rossiya Federatsiyasi kabilarda) mavjud boʻlib, bundan koʻzlangan asosiy maqsad – turli vaziyatlarda (masalan, biror muhim, shoshilinch va kechiktirib boʻlmaydigan hollarda) fuqaro va tadbirkorlik subyektlariga tezkor xizmat koʻrsatish orqali ularga qulaylik yaratishdir. Bunday xizmatlar deyarli barcha sohalarda (vokzal, aeroport, shifoxonalar va boshqalar) ham mavjud.
Navbatsiz xizmat koʻrsatish orqali navbatda turgan boshqa fuqarolarning qonuniy manfaatlariga, ularning izzat-nafsiga taʼsir koʻrsatmaslik maqsadida ekspress – tezkor xizmatlar mutlaqo alohida operatorlar tomonidan alohida xonalarda koʻrsatilmoqda. Shuningdek, pullik xizmat orqali haydovchilik guvohnomasini almashtirish boshqa fuqarolar manfaatiga taʼsir koʻrsatmaslik maqsadida ish vaqtidan tashqari vaqtlarda (odatda soat 18:00 dan keyin) koʻrsatilmoqda.
Bundan koʻrinib turibdiki, navbatda turgan fuqaro, boshqa tezkor xizmatga ehtiyoji bor fuqaroning kasri bilan koʻproq kutishga majbur boʻlmoqda, degan notoʻgʻri fikrni aholi oʻrtasida shakllantirmaslik lozim.
Bundan tashqari, bugungi kunda koʻrsatilayotgan ayrim xizmatlar Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq pullik asosda koʻrsatilmoqda. Shunday boʻlsa-da, ayrim rivojlangan, kapitalistik davlatlardan farqli ravishda mamlakatimizda barcha ijtimoiy sohadagi davlat xizmatlari (taʼlim, sogʻliqni saqlash, pensiya, mehnat va boshqalar) mutlaqo bepul koʻrsatiladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda, sudlanganlik haqida maʼlumotnoma berganlik uchun eng kam oylik ish haqining 10 foizi miqdorida yigʻim undirilayotgani ham tanqid qilingan. Toʻgʻri, ilgari bu xizmat ichki ishlar organlari tomonidan bepul asosda koʻrsatilgan. Lekin, eʼtibor bergan boʻlsangiz, ilgari mazkur xizmat faqat viloyatlarda Ichki ishlar boshqarmalarining tegishli tarkibiy boʻlinmalari orqali, respublikada esa, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Axborot markazi tomonidan koʻrsatilgan.
Yana bir muhim jihati, aksariyat hollarda ushbu hujjatning Ichki ishlar vazirligining Axborot markazi tomonidan tasdiqlangan varianti talab qilib kelingan. Oqibatda fuqarolarimiz uzoq viloyatlardan birgina maʼlumotnoma uchun Toshkent shahriga kelib-ketishlari kerak boʻlgani har birimizga ayon.
Hozir Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan, sudlanganlik toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalarni aholimiz oʻz yashash manzilidagi tegishli Davlat xizmatlari markazlari orqali olishlari mumkin. Ushbu maʼlumotnoma Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilingan kundan boshlab, 2 ish kunidan kechiktirmasdan fuqarolarga taqdim etilmoqda.
– Davlat xizmatlari koʻrsatish jarayonida davlat organlari tomonidan qonun buzilish holatlarini bartaraf etishda qanday choralar koʻrilmoqda?
– Davlat xizmatlarini koʻrsatish tartibi hamda muddatlarini buzgani uchun davlat xizmatchilariga nisbatan davlatning majburlash kuchidan foydalaniladi.
Oʻtgan davr mobaynida davlat organlari tomonidan jami 80 515 ta qonun buzilishi holatlariga yoʻl qoʻyilgani aniqlandi.
Shundan 67.053 ta holatda arizalarni koʻrib chiqish muddati buzilgan, 2739 ta holatda murojaat qilgan fuqarolardan ortiqcha hujjat talab qilingan, 3378 ta holatda toʻgʻridan-toʻgʻri davlat xizmati koʻrsatilgan, 445 ta holatda asossiz rad etilgan va 6900 ta holatda boshqa qonun buzilishi holatlariga yoʻl qoʻyilgan.
Aniqlangan holatlar boʻyicha jami 3334 ta huquqiy taʼsir choralari qoʻllanilgan. Jumladan, vakolatli davlat organlariga ijro etilishi majburiy boʻlgan jami 879 ta taqdimnomalar, qonun buzilishiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha 977 ta ogohnoma kiritilgan.
Joriy yilning 23 iyulida Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga kiritilgan oʻzgartirishlarga muvofiq, Agentlikka davlat xizmatlari koʻrsatish sohasidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun maʼmuriy jarima qoʻllash vakolati berildi. Shunga koʻra, Agentlik tomonidan joriy yilning oʻtgan davri mobaynida davlat xizmatlarini oʻz vaqtida va belgilangan muddatlarda koʻrsatmagan, fuqaroni chaqirtirib, qoʻshimcha hujjatlarni talab qilgan yoki murojaatni asossiz ravishda rad etgan 1500 nafarga yaqin davlat xizmatchilariga nisbatan toʻgʻridan-toʻgʻri maʼmuriy jarima jazosi qoʻllanildi.
Eng achinarli holat shundaki, davlat xizmatlari koʻrsatishda yoʻl qoʻyilayotgan qonun buzilishning bittasi ham xalqimizning ushbu tizimga boʻlgan ishonchi yoʻqolishiga sabab boʻlishini ayrim vakolatli organlar haligacha tushunib yetishmayapti.
Albatta, aybdor xodimlarni javobgarlikka tortgan bilan fuqaroning ishi bitmasa, mushkuli oson boʻlmasa, bundan mantiq yoʻq. Shu maʼnoda “Kasalni davolangandan koʻra, uning oldini olgan osonroq” naqliga amal qilingan holda Agentlik tomonidan davlat xizmatlari koʻrsatuvchi idoralarning masʼul xodimlari oʻrtasida profilaktik tadbirlarga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Davlat xizmatlarini koʻrsatuvchi vakolatli organlar davlat xizmatlarini koʻrsatishda yoʻl qoʻyilgan har qanday huquqbuzarlik uchun javobgarlik muqarrar ekanligini bilib olishlari lozim.
– Tizimga asos solinganiga bir yil boʻldi. Har qanday yangi tizimda muammo va kamchiliklar boʻlishi ham tabiiy. Sohada mavjud muammolarni bartaraf etish borasida qanday choralar koʻrilmoqda?
– Birinchi muammo – kadrlarning yetishmovchiligi. Takror boʻlsa-da, yana bir bora taʼkidlamoqchiman, Markazlarimiz orqali 100 dan ortiq xizmat turlari boʻyicha 5 mln.ga yaqin xizmatlar koʻrsatildi. Davlat xizmatlari markazlari orqali koʻrsatilayotgan xizmat turlari soni koʻpaygani sayin, Markaz xodimlarining masʼuliyati ham ortib bormoqda. Shunday ekan, Markazlarda faoliyat yuritadigan salohiyatli kadrlar sonini koʻpaytirishga alohida eʼtibor qaratishimiz lozim.
Markazlar oldiga qoʻyilgan asosiy talab – eng avvalo, har bir davlat xizmatini olish uchun tashrif buyurgan fuqaroga samimiy muomala qilish, mijozlarga qulay sharoit yaratish, sifatli, malakali va shaffof davlat xizmatini koʻrsatish, va asosiysi, korrupsiya va byurokratiya illatlariga yoʻl qoʻymaslikdan iborat.
Ikkinchidan, Davlat xizmatlari markazlari binolarining aksariyati tashrif buyuruvchilar sonidan kelib chiqadigan boʻlsak, talabga javob bermaydi. Kirib kelayotgan 2019 yilda 90 dan ortiq davlat xizmatlari markazlarining yangi binolarini foydalanishga topshirish rejalashtirildi.
Uchinchidan, biz tezkor xizmatlar haqida gapirar ekanmiz, vakolatli davlat organlari oʻzlarining turli arxiv hujjatlari boʻyicha maʼlumotlar bazasini toʻliq otsifrovka qilmas, yaʼni raqamlashtirmas ekan, koʻzlagan maqsadimizga erisha olmaymiz. Masalan, hozir turli idoralarda mavjud arxiv hujjatini olish, biror maʼlumotnomaning haqiqiyligini tekshirish uchun kamida 1 hafta muddat talab qilinsa, ular toʻliq raqamlashtirilgach, buning uchun 10-15 daqiqa talab etilardi.
Talabni boshqa idoralarga qoʻyishdan avval, oʻzimizdan boshladik. Yaqinda Germaniya davlatiga masʼul mutaxassislar tashrifi uyushtirilib, hozirgi kunda FHDYO idoralari tomonidan berilayotgan maʼlumotnomalarni toʻliq raqamlashtirish uchun maxsus skaner qurilmasini sotib olish yuzasidan muzokaralar olib borildi. Ushbu vosita yordamida respublika boʻyicha 60 mln.dan ortiq arxiv hujjatlari toʻliq elektronlashtirilishi rejalashtirildi.
– Masalan, fuqaro yoshga doir pensiyaga chiqish uchun murojaat qilsa-yu, birorta hujjat taqdim etmasligi, ushbu murojaat qisqa muddatda koʻrib chiqilishi mumkinmi?
– Albatta mumkin. Buning uchun manfaatdor vazirlik va idoralar oʻsha taqdim etiladigan 10 dan ortiq hujjatlar (ish stajini tasdiqlovchi hujjat ish haqi toʻgʻrisidagi hujjat, pensiya daftarchasi va boshqa zarur arxiv hujjatlari)ni toʻliq raqamlashtirishi, ularni elektron bazasini shakllantirishi va oʻzaro integratsiya qilishi lozim boʻladi. Shu sababli barcha vazirlik va idoralar oʻz maʼlumotlar bazalarini yaqin 5 yil ichida toʻliq shakllantirishlari boʻyicha tegishli qaror loyihasini tayyorladik.
– Agentlikning istiqboldagi rejalari asosida xalqimiz yana qanday yangilik va qulayliklarni kutsa boʻladi?
– Kelayotgan yilda Davlat xizmatlari markazlari xodimlarini, ular faoliyatining samaradorligini nazorat qilib borish mexanizmini joriy etamiz. Buning uchun Agentlik markaziy apparatida yirik “Situatsion markaz” tashkil etish rejalashtirilmoqda. Ushbu orqali butun respublikadagi koʻrsatilayotgan xizmatlar onlayn tarzda kuzatiladi va monitoring qilib boriladi.
Shuningdek, Davlat xizmatlari markazlari orqali koʻrsatilayotgan xizmatlar boʻyicha fuqarolar tomonidan xodimlarning xatti-harakatiga maxsus qurilamalar orqali baho berib borish amaliyoti joriy etiladi. Berilgan baholar har oy davomida umumlashtirilib, tahlil qilingach, ijobiy koʻrsatkichi yuqori boʻlgan xodimlar ragʻbatlantirib boriladi, yoki aksincha.
OʻzA
Murojaat tasnifi | Yuborish usuli | Kelib tushgan sana | Ko'rib chiqilgan sana | Hudud |
---|---|---|---|---|
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратиш | Президент почтаси | 6 May 2024 | 18 Sentabr 2024 | Navoiy viloyati |
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуриш | Ишонч телефони | 17 Noyabr 2023 | 27 Fevral 2024 | Toshkent viloyati |
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозилик | Веб-сайт | 14 Fevral 2024 | 20 Fevral 2024 | Jizzax viloyati |
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикаси | Веб-сайт | 13 Fevral 2024 | 27 Fevral 2024 | Surxondaryo viloyati |
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИ | Веб-сайт | 29 Aprel 2024 | 2 May 2024 | Toshkent viloyati |