1-oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni
Mamlakat taraqqiyoti haqida so‘z ketganida, avvalo, yosh avlod ta’lim-tarbiyasi masalasi muhim ahamiyatga ega. Demakki, aslida tarbiyaning asosida ta’lim yotadi, shu sabab bu so‘z hamisha “tarbiya” jumlasidan oldinda keladi. Shunday ekan, o‘qituvchi zimmasida tarbiyaga asos bo‘luvchi ta’limni bera olish mas’uliyati birlamchi ahamiyatga ega.
Bugungi kunda mamlakatimizda o‘qituvchi maqomini yuksaltirish, ularning mehnatini munosib baholash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar ko‘lami qanday? O‘zbekiston Respublikasi maktab va maktabgacha ta’lim vaziri Hilola UMAROVA bilan suhbatimiz shu masalalar yuzasidan bo‘ldi.
– Avvalo, sizga va siz boshchiligingizda yurtimizda yosh avlodga ta’lim berish yo‘lida xizmat qilayotgan ustoz-murabbiylarga 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni qutlug‘ bo‘lsin!
– Rahmat! Men ham suhbatimiz avvalida yurtimizdagi barcha o‘qituvchi va murabbiylarni yaqinlashib kelayotgan ushbu bayram bilan samimiy tabriklayman. Zahmatli, shu bilan birga, sharafli kasb egalari – aziz ustozlarimizga yuksak kasbiy faoliyatida katta muvaffaqiyatlar, oilaviy baxt-saodat, mustahkam sog‘liq tilayman.
– Yurtimizda o‘qituvchilarning huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan qanday ishlarni e’tirof etasiz?
– Avvalo, tan olib aytishimiz kerakki, yaqin o‘tmishda o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilish, ularni o‘z xizmat vazifasiga kirmaydigan ishlarga majburlash kabi noxush holatlar bor edi. Davlatimiz rahbarining shaxsiy irodasi va tashabbusi bilan so‘nggi yillarda bu kabi inson huquqlarini kamsituvchi ishlarga barham berildi. O‘qituvchining maqomi va obro‘sini ko‘tarishga davlat siyosati darajasida qaralmoqda, ularning o‘z kasbiy faoliyati bilan to‘liq shug‘ullanishlari uchun zarur sharoitlar yaratib berilmoqda. Yangi tahrirda qabul qilingan mamlakatimiz Konstitutsiyasining 52-moddasida o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligini ta’minlash, kasbiy jihatdan o‘sish borasida qator huquqiy asoslar keltirib o‘tilgan. Bu esa o‘qituvchilarning jamiyatdagi nufuzini oshirish, uning kasbiy faoliyatini davlat tomonidan himoya qilinishining huquqiy asosini yaratib berdi.
Joriy yilning 27 martida qabul qilingan, pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni ko‘zda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasining "Pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida"gi qonuni ham bu boradagi sa’y-harakatlarning mantiqiy davomi bo‘ldi, desak, yanglishmaymiz. Qonunda nazarda tutilgan huquqiy normalarning hayotiyligi shundaki, pedagog xodimlarning mehnat huquqlarini buzish bilan bog‘liq jihatlar aniq va adolatli belgilangan.
E’tibor beraylik, umumiy holatda biror shaxsni majburiy mehnatga jalb etish bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravarigacha jarimaga sabab bo‘lsa, mazkur qonun asosida pedagoglarni majburiy mehnatga jalb qilish bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravarigacha jarima bilan jazolanishi belgilanmoqda.
Yana bir jihat: endilikda pedagog xodimni mehnatga biron-bir shaklda ma’muriy tarzda majburlash, agar xuddi shunday qilmish ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravaridan 200 baravarigacha jarima yoki 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlariga jalb qilish jazosi belgilandi. Bundan ko‘rinadiki, pedagoglarni majburiy mehnatga jalb etish yoki majburlash, nafaqat ma’muriy, balki jinoiy javobgarlikka ham sabab bo‘ladi. Aniqroq aytganda, endilikda ushbu holatga takroran yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarga 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi belgilanishi mumkin.
Ayni vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida ko‘rib chiqilayotgan yana bir – “Pedagog maqomi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni loyihasida ham qator muhim jihatlar ko‘zda tutilgan. Jumladan, unda pedagogdan kasbiy majburiyatlariga kirmaydigan hisobotlar va boshqa ma’lumotlar, shu jumladan, aholining soliqlar, kommunal to‘lovlar, kreditlar va boshqa qarzdorligi bo‘yicha ma’lumotlarni, bitiruvchilarning bandligi ta’minlanganligi bo‘yicha hisobotlarni shakllantirish va taqdim etishni talab qilish taqiqlanadi.
– Maktablarda o‘quvchi o‘rnini ko‘paytirish va o‘qituvchilarga qulay shart-sharoitlar yaratib berish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– Albatta, vaqt o‘tgan sari aholi demografiyasining o‘sishi va shunga yarasha ta’lim olish ehtiyojlarining ortib borishi soha infratuzilmasini doimiy yangilab borishni, ko‘proq o‘quv o‘rinlarini yaratish zaruratini tug‘diradi. Bu borada joriy yilning o‘tgan davri mobaynida qator muhim ishlar amalga oshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 30 dekabrdagi "2023-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq joriy yilda yurtimizda jami 338 ta (shundan 24 ta yangi maktab binolari qurish, 237 tasini rekonstruksiya qilish va 77 tasini mukammal ta’mirlash) umumta’lim maktablarida qurilish-ta’mirlash va jihozlash ishlarini amalga oshirish belgilangan. Mazkur maqsadlar uchun davlat byudjetidan jami 2,1 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi.
Qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilishi belgilangan jami 338 ta umumta’lim ob’ektlarining 236 tasida (17 tasi yangi qurilish, 148 tasi rekonstruksiya va 71 tasi mukammal ta’mirlash) ishlar yakunlangan bo‘lsa, 102 tasida qurilish ishlari davom etmoqda.
Bugungi kunga qadar mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda mazkur ta’lim ob’ektlarida 2,1 trillion so‘mlik pudrat shartnomalari rasmiylashtirilib, 1,6 trillion so‘mlik (82 foiz) ishlar bajarilgan bo‘lsa, 1,4 trillion so‘mlik (71 foiz) mablag‘lar moliyalashtirilgan. Joriy yilda rejalashtirilgan va umumta’lim maktablarida olib borilayotgan qurilish va ta’mirlash ishlari natijasida 89 mingdan ortiq yangi o‘quvchi o‘rni yaratiladi, mavjud 63 mingdan ortiq o‘quvchi o‘rniga ega ta’lim muassasalari mukammal ta’mirlanadi hamda 46 dona sport zali binolari quriladi.
Hozirga qadar 236 ta ta’lim ob’ektida qurilish-ta’mirlash ishlari tugatilgani natijasida 49,6 ming o‘quv o‘rni yaratildi (shundan 11,2 ming yangi maktablar qurilishi hisobiga, 38,4 ming qo‘shimcha o‘quv binolar qurilishi hisobiga) hamda 44,2 ming o‘quvchi o‘rnidan ortiq mavjud binolar mukammal ta’mirlanishi hisobiga zamonaviy qiyofaga keltirildi.
Shuningdek, sport zallari mavjud bo‘lmagan 33 ta maktabda yangi sport zallari qurilib, foydalanishga topshirildi. Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish lozimki, 2023 yil hisobidan maktabgacha ta’lim tizimida 57 ta ob’ekt yangidan qurilmoqda, 123 tasi rekonstruksiya qilinmoqda va 2 tasida mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi belgilangan. Buning natijasida 19 660 ta yangi o‘rin yaratiladi, 10 168 ta mavjud o‘rinlar ta’mirlanadi.
Qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilishi belgilangan ob’ektlardan jami 102 tasida (shundan, 34 tasi yangi qurilish, 66 tasi rekonstruksiya qilish va 2 tasi mukammal ta’mirlash) qurilish-ta’mirlash ishlari tugatilib, foydalanishga topshirildi. Foydalanishga topshirilgan 102 ta ob’ektlar hisobiga maktabgacha ta’lim tashkilotlarida qo‘shimcha 10,6 mingdan ortiq yangi o‘rinlar yaratildi, mavjud 5,4 mingdan ortiq o‘quv o‘rni mukammal ta’mirlandi.
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 26 maydagi farmonida 2024 yil 1 yanvardan maktabga birinchi marta ishga qabul qilinayotgan o‘qituvchilarni kasbiy sertifikatlash tizimi joriy etilishi ko‘zda tutilgan. Bu jarayonlar qanday amalga oshiriladi?
– Bunda 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab pedagogik kasblarga birinchi marta ishga qabul qilinadigan oliy ma’lumotli talabgorlar stajyor-o‘qituvchi sifatida faoliyat yuritadi va ular ishga qabul qilingan vaqtdan boshlab bir yil muddat davomida kasbiy sertifikatga ega bo‘lishi talab etiladi. Stajyor-o‘qituvchilarga ular kasbiy sertifikat olguniga qadar oliy ma’lumotli (toifasiz) o‘qituvchining bazaviy tarif stavkasi qo‘llaniladi.
Mazkur jarayonlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish maqsadida vazirlik tomonidan tegishli qonunchilik hujjati loyihasi tayyorlandi. Ushbu amaliyot o‘qituvchilarning kasbiy faoliyatini rivojlantirish, ularning yanada samarali mehnat qilishlarida qator qulayliklar yaratadi. Xususan, yangi jarayon orqali pedagog kadrlarning ta’lim to‘g‘risidagi hujjatida ko‘rsatilgan tayyorlov, ta’lim yo‘nalishi, mutaxassisligi yoki ixtisosligi bo‘yicha bilimlari sinovdan o‘tkaziladi, pedagogik mahorati o‘rganilib, xolis baho beriladi. Buning natijasi o‘laroq, umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarini yuqori bilim saviyasiga ega bo‘lgan, iste’dodli va iqtidorli pedagog kadrlar bilan to‘ldirish imkoniyati yaratiladi. Ushbu amaliyot Madaniyat vazirligi va Badiiy akademiya tizimidagi ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablari, maktab-internatlari hamda nodavlat ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlariga tatbiq etilmasligi ko‘zda tutilmoqda.
– YUNESKOning 1966 yil 5 iyuldagi "O‘qituvchilar maqomi to‘g‘risida"gi tavsiyasining 7-bandida pedagogning “erkinligi prinsipi” mustahkamlangan. Xalqaro yo‘nalishlardagi vazifalar xususida fikr bildirsangiz?
– Darhaqiqat, bu xalqaro hamjamiyat tomonidan pedagog xodimlarning erkin ijod qilish huquqini mustahkamlovchi hujjatdir.
O‘zbekiston Respublikasining "Ta’lim to‘g‘risida"gi qonunining 45-moddasida ham bu kabi huquqiy norma ko‘rsatilgan bo‘lib, pedagog xodimlarning maqomi jamiyat va davlat tomonidan tan olinishi qayd etilgan. Shu ma’noda vazirligimiz joriy yil YUNESKO va Jahon banki bilan hamkorlikda bu boradagi turli loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Jumladan, 21-22 sentyabr kunlari Toshkent shahrida “Malakali o‘qituvchilar – malakali millat” mavzusida Markaziy Osiyo pedagogika simpoziumi tashkil etildi.
Shuningdek, 8-9 avgust kunlari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan YUNESKO tashkiloti bilan hamkorlikda “Ikkinchi ustozlar forumi” tashkil etildi. Ushbu forumda o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish hamda yangi o‘quv yilida ta’lim-tarbiya sifatini yanada yaxshilash yuzasidan muhim vazifalar belgilab olindi. Forumning davomi sifatida yurtimizning barcha hududlarida 15-17 avgust kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va barcha viloyatlarda, 22-24 avgust kunlari tuman va shaharlarda, 28-29 avgust kunlari esa umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘qituvchilar malakasini oshirishga qaratilgan seminar-treninglar tashkil etildi.
Yana bir loyiha sifatida umumta’lim maktablarida o‘qitishning zamonaviy usullarini joriy etish va Prezident maktablari tajribasini ommalashtirishga qaratilgan matematika va ingliz tili fani o‘qituvchilari ishtirokidagi uch bosqichli kaskad usulida seminar-treninglar tashkil etildi. Hozirgi kunga qadar esa 16 021 nafar matematika fani, 17 477 nafar ingliz tili fani o‘qituvchilari mazkur treninglarga jalb etildi.
– Ta’lim sifatini oshirish maqsadida joriy etilgan yangi baholash tizimining afzalliklari nimada?
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 26 maydagi farmoniga asosan, maktabgacha va umumiy o‘rta ta’limni yangi bosqichga olib chiqish, uning sifatini oshirish hamda ta’lim dasturlarini takomillashtirish maqsadida 2023-2024 o‘quv yilidan boshlab bosqichma-bosqich umumta’lim maktablarida bilimni baholashning yangi tartibi joriy qilindi.
Tajriba-sinov tariqasida joriy etilayotgan yangi baholash tartibiga ko‘ra, 5-11-sinf o‘quvchilarining bilimi formativ va summativ usullar yordamida baholanadi. Formativ baholash – o‘qituvchi va o‘quvchilar o‘rtasidagi uzluksiz fikr almashish jarayonidir. Fikr-mulohaza og‘zaki va yozma, rasmiy va norasmiy bo‘lishi mumkin. Bu – o‘quvchilarning keyingi harakatlarini moslashtirish maqsadida uning yutuqlari to‘g‘risida ma’lumot olishning uzluksiz jarayonidir.
Summativ baholash esa o‘qishning ma’lum bir davrida o‘quvchining davlat ta’lim standarti va o‘quv dasturlarida belgilangan kompetensiyalarni egallaganlik darajasini rasmiy baholash jarayonidir. Bu jarayon test, yozma ish, og‘zaki suhbat, loyiha ishi, taqdimot ishlari, amaliy mashg‘ulot, laboratoriya ishi, ijodiy ishlar va shu kabi boshqa yo‘nalishlarda amalga oshiriladi. Mazkur baholash jarayonlari davomida o‘qituvchi o‘quvchining o‘zlashtirish baholarini elektron jurnalga kiritib boradi, yuqori ko‘rsatkichga erishgan o‘quvchilar choraklik summativ baholashdan bir muddatga ozod etiladi. Baholashning shaffofligini ta’minlash maqsadida fanlar bo‘yicha tegishli summativ baholash barcha parallel sinflar uchun yagona talablar asosida o‘tkaziladi. Tekshirish yakuniga ko‘ra o‘quvchilarning to‘plagan ballari bir hafta muddat ichida elektron jurnalga joylashtiriladi. Summativ baholash paytida ichki tartib-qoidani buzgan o‘quvchilar baholashdan chetlashtiriladi.
– Mamlakatimizga xorijdan jalb etilgan o‘qituvchilar haqida ham ma’lumot bersangiz.
– Barchamizga yaxshi ayonki, xorijiy tilni bevosita uning chinakam egalaridan o‘rganish katta samara beradi. Shu naqtai nazardan olganda, joriy yildan boshlab maktablarimizga til egalari sanalgan chet ellik mutaxassislar taklif etilmoqda. Xususan, O‘zbekiston maktablariga 500 dan ortiq xorijlik o‘qituvchilarni jalb etmoqdamiz. Dastlabki 1755 nafar nomzoddan arizalar kelib tushgan bo‘lsa, ulardan malaka talablariga javob beradigan hamda suhbat jarayonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan 649 nafar o‘qituvchiga dastlabki shartnoma takliflari berildi. Hozirgi kunga qadar shartnoma imzolangan xorijiy til pedagoglarining 38 nafari fan doktori, 180 nafari magistr, 166 nafari bakalavr darajasiga ega. Ushbu mutaxassislar 36 davlat, jumladan, Buyuk Britaniya, AQSH, Fransiya, Hindiston, Kanada, Filippin, Janubiy Afrika, Belgiya, Misr va boshqa davlatlarning xalqaro toifadagi o‘qituvchilaridir.
Yangi o‘quv yilining o‘tgan davrini oladigan bo‘lsak, ushbu xorijiy pedagoglar bilan ishlash o‘quvchilarimizga ham juda katta zavq bag‘ishlamoqda, ota-onalar ham mamnun bo‘lmoqda. Sababi, chet tili o‘qituvchilari ishtirokida haftada 3 marotaba maktab o‘quvchilari uchun qo‘shimcha xorijiy til kurslari hamda haftada bir marta mahalliy o‘qituvchilar uchun mahorat darslari va treninglar ham tashkil etilmoqda.
O‘z hayotini dunyodagi eng ulug‘ va olijanob ishga – yangi avlod tarbiyasiga bag‘ishlagan, o‘z kasbiga sodiq va fidoyi o‘qituvchilar maqomi va obro‘sini oshirish, o‘qituvchilik kasbini e’zozlash, uning mehnatini qadrlash borasidagi ishlar kelgusida ham davlatimiz e’tibori markazida bo‘ladi. Yangilangan Konstitutsiyamizda o‘qituvchi maqomining mustahkamlab qo‘yilgani bunga muhim zamin bo‘lib xizmat qilishiga shubha yo‘q.
O‘zA muxbiri Abdulaziz RUSTAMOV suhbatlashdi.
Murojaat tasnifi | Yuborish usuli | Kelib tushgan sana | Ko'rib chiqilgan sana | Hudud |
---|---|---|---|---|
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратиш | Президент почтаси | 6 May 2024 | 18 Sentabr 2024 | Navoiy viloyati |
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуриш | Ишонч телефони | 17 Noyabr 2023 | 27 Fevral 2024 | Toshkent viloyati |
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозилик | Веб-сайт | 14 Fevral 2024 | 20 Fevral 2024 | Jizzax viloyati |
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикаси | Веб-сайт | 13 Fevral 2024 | 27 Fevral 2024 | Surxondaryo viloyati |
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИ | Веб-сайт | 29 Aprel 2024 | 2 May 2024 | Toshkent viloyati |