Mahalla barchamiz uchun eng qadrdon maskan. Uning obodligi, fayziyob ko‘chalari esa dillarga g‘urur bag‘ishlaydi. Prezidentimizning topshiriqlari asosida “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha” va “Obod mahalla” mezonlarini joriy etish borasidagi ishlar esa ko‘plab mahallalarning qiyofasini butkul o‘zgartirmoqda.
Odamlarning yashash sharoitlari yaxshilanyapti, yangi ish o‘rinlari yaratilib, farovonligi oshmoqda.
Farg‘ona viloyatida o‘tgan yilda Yozyovon, Quva, Qo‘shtepa, Rishton va Furqat tumanlaridagi 5 ta mahalla fuqarolar yig‘inida amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlari ham buni yaqqol ko‘rsatib turibdi. Asosiysi, bu ezgu ishlari samarasida yurtdoshlarimizning dunyoqarashi o‘zgaryapti.
“Chirkay” mahalla fuqarolar yig‘ini Furqat tumani markaziga yaqin hududda joylashgan. Shunday bo‘lsa-da, bu yerda ko‘plab muammolar yig‘ilib qolgandi. Ishlab chiqarish tarmoqlarining yo‘qligi, xotin-qizlar, yoshlar o‘rtasida issizlik ko‘payishiga sabab bo‘lgan.
“Obod xonadon, “Obod ko‘cha”, “Obod mahalla” mezonlari ko‘hna maskan hayot tarzini o‘zgartirdi. Aholi xonadonlari, ko‘chalarning me’moriy qiyofasi o‘zgardi, ko‘makka muhtoj oilalar har jihatdan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlandi. Ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish, mahallalarni tadbirkorlik markazlariga aylantirish, ichimlik suvi keltirish, elektr uzatkichlarni yangilash, ko‘chalarni asfaltlash, maktab, maktabgacha ta’lim tashkilotlarini ta’mirlash, aholi tomorqalaridan unumli foydalanishi uchun suv ta’minotini yo‘lga qo‘yish kabi muammolarni bartaraf etish uchun kerakli mablag‘lar ajratildi.
–Mahallamizdagi 635 ta xonadonning holatini obdon o‘rganib chiqib, 4 toifaga ajratib oldik, – deydi “Chirkay” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Zohirjon Karimov. – Bu jarayonda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqildi. 11,2 kilometrga yaqin ichki yo‘llarga asfalt, 4,9 kilometrga shag‘al yotqizildi. Yosh avlod, Yosh avlod-2, Tong guli, Namuna ko‘chalaridagi mavjud ichimlik suvi qudug‘i va suv minorasi ta’mirlandi, 3 ta yangi suv minorasi o‘rnatilib, har bir xonadon toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Eskirgan simyog‘ochlar o‘rniga 264 ta beton tayanch o‘rnatildi, kabellar yangilandi. Namuna ko‘chasidagi transformator ta’mirlandi, 4 ta yangi transformator o‘rnatildi, aholining elektr energiyaga bo‘lgan talabi yaxshilandi.
Aholi muammolari “xonadonbay” o‘rganilib, ishsizligi aniqlangan 78 nafar fuqaroning 25 nafariga subsidiya asosida tikuv mashina, 22 nafariga mehnat qurollari olib berildi, 17 nafariga chorvachilik, tomorqachilik yo‘nalishlarida tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun imtiyozli kerditlar berildi, 15 nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etildi.
–Tikuvchilik malakasiga egaman. Ammo uy yumushlari, farzand tarbiyasidan ortib, boshqa joyga borib ishlashga imkoniyatim yo‘q edi. Shuning uchun ishsiz ayol sifatida “Ayollar daftari”ga qayd qilingandim,–deydi Yoqutxon Qodirova. –Menga subsidiya asosida tikuv mashina olishni taklif qilishdi, rozi bo‘ldim. Endilikda uy sharoitida oilaviy tarbirkorlikni yo‘lga qo‘yib, daromad topish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Ish jarayonida tikuvchilikka qiziqqan qo‘ni-qo‘shnilarimga ham hunar o‘rgatyapman.
O‘rinbuvi Turdimatova mahalladagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalardan. Qaramog‘ida bo‘lgan o‘g‘li va kelini bir necha yildirki nogiron. Xonadonda homiylar ko‘magida ta’mirlash boshlangandi. Qisqa vaqtda uch xonali eski uy tomi shifer qilindi, ayvon yashash xonasiga aylantirilib, oshxona, tandirxona, hojatxona qurib berildi.
Hududda investitsiya dasturi, respublika va viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalari, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”, “Saxovat va ko‘mak” va jamoatchilik jamg‘armalari, tarmoq korxonalarining homiylik mablag‘lari doirasida keng ko‘lamda qurilish, ta’mirlash, ishlari amalga oshirildi. Aholining ehtiyojmand qatlamiga dehqonchilik qilish uchun yer maydoni, asbob-uskunalar uchun subsidiyalar ajratish, bandligini ta’minlash, moddiy yordam berish yo‘lida kerakli mablag‘lar ajratildi. “Obod xonadon” mezoni asosida muammosi aniqlangan 483 ta xonadonda qurilish, ichki va tashqi, tom qismini ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
–Aholi farovonligi yo‘lida olib borilayotgan obodonchilik, bunyodkorliklar odamlar ko‘nglini ko‘tardi, yangi maqsad, tashabbuslarga undadi, –deydi mehnat faxriysi Abdumuxtor Jo‘rayev. – Hamjihatlikda bajarilgan ishlarni ko‘rib havasingiz ortadi. Mana bo‘larkan-ku. Hamqishloqlarimiz o‘rtasida norasmiy ravishda “Kimning uyi, ko‘chasi chiroyli” musobaqasi boshlanib ketgan go‘yo. Har bir xonadon egalari “Obod xonadon”, ”Obod ko‘cha”, ”Obod mahalla” dasturining mazmun-mohiyatini to‘liq anglab, qo‘llab-quvvatlab, har jihatdan ko‘mak berdi. Bu borada boshlangan ishlar mavsumiy bo‘lib qolmaydi, albatta. Uy, ko‘cha va mahalladagi obodonlashtirish jarayonlariga guvoh bo‘lgan yoshlarimiz, bu ezgu an’analardan o‘ziga ijobiy xulosa chiqarib olishi tabiiy.
Mahallada tadbirkorlik, kichik va o‘rta biznes tarmoqlarini qo‘llab- quvvatlash orqali ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish choralari ko‘rildi. Bu yo‘nalishlarda imtiyozli kredit olish istagini bildirgan, 40 nafar fuqaroga 657 million so‘m mablag‘ berildi, 3 ta kichik loyiha ishga tushirilib, o‘ndan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. Umumta’lim maktabining bo‘sh turgan binosida yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatish markazi tashkil etildi. Bu yerda 20 nafardan ortiq mahalla yoshlari tikuvchillik yo‘nalishida kerakli bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ladi.
“Chirkay” mahalla fuqarolar yig‘ini uchun yangi bino qurib berildi. Zamon talablariga mos tarzda jihozlangan binoda mahalla "yettiligi" faoliyati uchun kerakli bo‘lgan shart-sharoitlar yaratildi. Majlislar zali, “Jamoatchilik maskani” xizmatlari yo‘lga qo‘yildi. Mahalla binosiga tutush hududda "Mahalla bog‘i" tashkil etilib, 300 tup manzarali, 700 tup gul ko‘chati ekildi. Atrofi obodonlashtirilib, o‘rindiqlar, sayr yo‘laklari qurildi. Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida futbol maydoni ta’mirlandi, “Workout” maydoni qurib bitkazildi.
Umuman olganda, bu kabi keng ko‘lamli ishlar Yozyovon tumanidagi “Tegirmonboshi” Qo‘shtepa tumanidagi “Shomirza”, Rishton tumani “Pandigon” va Quva tumanidagi “Qoraqum” mahalla fuqarolar yig‘inlarida ham amalga oshirildi. Yurt obodligi, aholi farovonligi yo‘lida amalga oshirilayotgan hayotbaxsh islohotlar chekka va olis qishloqlarni obod va ko‘rkam maskanlarga aylantirdi. Buni odamlarning e’tirofi, e’tiboriga sazovor bo‘layotgan amaliy ishlar ko‘rsatib turibdi.
Yangi yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha” va “Obod mahalla” mezonlarini joriy etish ishlari Marg‘ilon shahridagi “Baxrin”, O‘zbekiston tumanidagi “”Sulaymon”, Uchko‘prik tumanidagi “”Yakkamulla” hamda Toshloq tumanidagi “Piyozchilik” mahalla fuqarolar yig‘inida davom etadi.
Murojaat tasnifi | Yuborish usuli | Kelib tushgan sana | Ko'rib chiqilgan sana | Hudud |
---|---|---|---|---|
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратиш | Президент почтаси | 6 May 2024 | 18 Sentabr 2024 | Navoiy viloyati |
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуриш | Ишонч телефони | 17 Noyabr 2023 | 27 Fevral 2024 | Toshkent viloyati |
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозилик | Веб-сайт | 14 Fevral 2024 | 20 Fevral 2024 | Jizzax viloyati |
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикаси | Веб-сайт | 13 Fevral 2024 | 27 Fevral 2024 | Surxondaryo viloyati |
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИ | Веб-сайт | 29 Aprel 2024 | 2 May 2024 | Toshkent viloyati |