Prezidentimizning 2023 yil 21 dekabrdagi “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni mahallani jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch bo‘g‘iniga aylantirish, mahallalardagi muammolarning o‘z vaqtida va samarali yechimini topishda muhim dasturilamal vazifasini bajarmoqda.
Ma’lumki, mamlakatimizda yashayotgan har bir inson hayoti mahalla, oila bilan uzviy bog‘liq. Shunday ekan mahalla obod, xonadonlar tinch, mahalladoshlar ahil-inoq bo‘lsa, turmush yanada fayzli va farovon bo‘ladi. Aslida xalqimizga xos milliy o‘zlikni ifodalovchi urf-odatlar, an’analarni avaylab-asrash va yoshlar tarbiyasida muhim o‘rin egallashida mahallaning muhim o‘rini bor.
Keyingi yillarda Toshkent viloyatida ham mahalla tizimini yanada takomillashtirish, oilalarda ijtimoiy-sog‘lom muhitni yaxshilash, xotin-qizlar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mahallalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash 2024-2026 yillarga mo‘ljallangan manzilli dastur ishlab chiqilgan. Bunda mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari va davlat-xususiy sheriklik asosida 119 ta mahalla binolarini yangidan qurish hamda 116 tasini rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida Bo‘stonliq tumanida 8 ta, Olmaliq, Nurafshon shaharlari va Chinoz tumanida 2 tadan, Bekobod, Quyi Chirchiq, Oqqo‘rg‘on, Parkent, Yangiyo‘l tumanlari va Yangiyo‘l shaharda 1 tadan, jami 20 ta mahallalar yangi bino bilan ta’minlandi. Shuningdek, hozirda 24 ta mahallada bu borada amaliy ishlar izchil davom etmoqda.
– Mahallalarning moliyaviy imkoniyatlarini oshirish maqsadida mahallalarda o‘zlarining ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etishi uchun jamg‘arma joriy etilgan, – deydi O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Hoshimov. – Jamg‘arma mablag‘lari jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha undirilgan mablag‘larning 10 foizi hamda qarorda belgilangan boshqa manbalar hisobidan shakllantirilmoqda.
Shu mablag‘lar mahalla hududidagi ichki yo‘llar, yoritish tizimi, elektr, tabiiy gaz tarmoqlari, suv tizimini ta’mirlash va tiklash, mahalla binosi, sport maydoni, kutubxona, madaniyat markazini qurish va boshqa zarur uskunalar bilan jihozlash, oilalarga moddiy ko‘maklashish, infratuzilmani rivojlantirish, obodonchilik ishlarini amalga oshirish kabi tadbirlarga sarflanadi. Hozirgacha 7 milliard 748 million so‘m evaziga ko‘plab mahallalar hududini obodonlashtirish va ta’mirlash, infratuzilmasini rivojlantirish choralari ko‘rildi.
Joylarda mahalla servis kompaniyalari faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi esa aholining kundalik yumushlarida og‘irini yengil qilayotgani bilan ham ahamiyatli. Bugungi kunda viloyatning eng namunali 22 ta mahallalarida shu kabi mahalla servis kompaniyalari aholining og‘irini yengil qilib, samarali xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Birgina misol sifatida Yangiyo‘l tumani “G‘alaba” mahalla fuqarolar yig‘inida tashkil etilgan mahalla servis kompaniyasi faoliyatini keltirish mumkin. Bu hududda kompaniyaga mos yangi bino qurilib, unda 11 nafar ishsiz fuqaro – duradgor, santexnik, elektrik, payvandchi, quruvchi, ko‘chalarni obodonlashtiruvchi kabi kasblarda bandligi ta’minlanib, doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi. Mazkur servis kompaniyasi tomonidan mahallani obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari bepul amalga oshiriladi. Shuningdek, unda aholi uchun 23 turdagi kommunal servis xizmatlari ham yo‘lga qo‘yilgan.
Ma’lumki, “Mahalla yettiligi” a’zolarining mahalla doirasida amalga oshirgan ishlari bo‘yicha tegishli fuqarolar yig‘ini oldida har chorak yakuni bo‘yicha hisobot berish tartibi joriy qilingan. Davlatimiz rahbari tomonidan “Mahalla yettiligi”ga qo‘yilgan asosiy vazifalardan biri mahallalarni ishsizlikdan holi hududga aylantirishdir. Bu borada joriy yil boshida barcha mahallalarda xatlov o‘tkazilib, Ombor kitobi shakllantirildi. Har bir mahallada ishsiz fuqarolar bilan manzilli ishlash bo‘yicha “Bandlik dasturi” tuzilgan va har bir ishsiz bilan amalga oshiriladigan ishlar aniq belgilab olingan.
Jumladan, “Sayxunobod” va “Uychi” tajribasi hozirgacha 6 ming 306 ta xonadonga joriy qilindi. Natijada viloyat bo‘yicha “Ombor daftari”ga kiritilgan 62 ming 670 nafar ishsizlarning 80 foizi bandligi ta’minlandi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida 425 ta mahalla ishsizlikdan holi hududga, 287 ta mahalla jinoyatchilikdan, 175 ta mahalla esa oilaviy ajrimdan holi hududga aylantirildi.
Umuman olganda, endilikda mahalla insonlarning dardi, quvonch va tashvishlari bilan yashayotgan aziz maskanga aylanib ulgurdi. Mahalla yettiligi esa o‘z navbatida aholi murojaatlarini hal etish, turmush darajasini yaxshilashda barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda.
Murojaat tasnifi | Yuborish usuli | Kelib tushgan sana | Ko'rib chiqilgan sana | Hudud |
---|---|---|---|---|
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратиш | Президент почтаси | 6 May 2024 | 18 Sentabr 2024 | Navoiy viloyati |
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуриш | Ишонч телефони | 17 Noyabr 2023 | 27 Fevral 2024 | Toshkent viloyati |
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозилик | Веб-сайт | 14 Fevral 2024 | 20 Fevral 2024 | Jizzax viloyati |
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикаси | Веб-сайт | 13 Fevral 2024 | 27 Fevral 2024 | Surxondaryo viloyati |
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИ | Веб-сайт | 29 Aprel 2024 | 2 May 2024 | Toshkent viloyati |