Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 12-13 mart kunlari Navoiy viloyatida boʻldi.
Tashrifning ikkinchi kuni Prezidentimiz Navoiy shahrida viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish, aholi turmush sharoitini yanada yaxshilash masalalariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi. Videokonferensaloqa shaklida oʻtgan yigʻilishda viloyat faollari, deputatlar, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, shaharlar va tumanlar hokimlari, nuroniylar, yosh tadbirkorlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari viloyatni kompleks rivojlantirishga qaratilgan dolzarb vazifalarni belgilab berdi.
Qayd etilganidek, Navoiy viloyati yurtimiz sanoatining mustahkam ustuni boʻlib, uning 10 foiz mahsulotini taʼminlaydi. Islohotlar natijasida oʻtgan yili viloyatda investitsiyalar 1,8 barobar, qurilish ishlari 28 foiz, xizmat koʻrsatish – 12 foizga oʻsgan. Shuningdek, qariyb 1 trillion soʻm investitsiya hisobiga 420 ta ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish obyekti ishga tushirilgan.
Yigʻilishda mavjud rezerv va imkoniyatlardan toʻla foydalanilmayotgani taʼkidlandi. Viloyat iqtisodiyoti asosan bir nechta yirik korxonaga bogʻliq boʻlib qolgani, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yetarli darajada rivojlanmagani qayd etildi.
Viloyatda tadbirkorlikni rivojlantirishga jiddiy turtki berish uchun shunday qulay va jozibador biznes muhitini yaratish kerakki, nafaqat mahalliy, balki boshqa viloyatlar aholisi ham bu yerga kelib, tadbirkorlik bilan shugʻullanishga intilsin. Boshqacha aytganda, Navoiy viloyati – tadbirkorlar viloyatiga aylanishi kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari Navoiy viloyatini eksportga yoʻnaltirilgan innovatsion va yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlar boʻyicha erkin iqtisodiy zonaga aylantirishni taklif qildi. Qayd etilganidek, buning uchun Bosh vazir oʻrinbosari rahbarligida maxsus komissiya tuzilib, mazkur iqtisodiy zona ishtirokchilariga beriladigan imtiyoz va yengilliklar tizimi belgilanadi.
Yigʻilishda investitsiyalarni faol jalb qilish, yangi zamonaviy korxonalar tashkil etish va aholini ish bilan taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Navoiy viloyatida 2019-2020 yillarda amalga oshiriladigan umumiy qiymati 26 trillion 368 milliard soʻmlik 511 ta investitsiya loyihasidan iborat dastur ishlab chiqilgani maʼlum qilindi.
Mazkur dastur doirasida 1 milliard dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya va kreditlarni oʻzlashtirish, 17 ming 400 ta yangi ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan. Jumladan, Navoiy issiqlik elektr stansiyasi, “Qizilqumsement”, “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatlari va boshqa tarmoqlarda 12 ta yirik loyiha amalga oshiriladi.
Birinchi navbatda, Nurota, Xatirchi, Tomdi, Konimex kabi rivojlanish darajasi past boʻlgan tumanlarda yangi sanoat korxonalarini tashkil etishga ustuvor ahamiyat qaratish lozimligi qayd etildi.
Prezidentimiz Nurota tumanidagi Gʻozgʻon posyolkasiga shahar maqomini berib, uni pardoz toshlari qazib olish va ishlov berishga ixtisoslashgan sanoat shahriga aylantirish taklifini ilgari surdi. Granit va boshqa pardoz toshlarini sanoat usulida qazib olish, ishlov berish va tayyor qurilish materiallari ishlab chiqarish korxonalaridan iborat klaster tashkil etish boʻyicha qiymati kamida 200 million dollarlik loyihalarni amalga oshirish boʻyicha topshiriq berildi.
Davlatimiz rahbari qishloq xoʻjaligidagi imkoniyatlarni ham tahlil qilib, paxtadan boʻshagan maydonlarda bozorbop meva-sabzavot yetishtirish, viloyatda tomorqalardan samarali foydalanish hisobiga qishloq aholisini band qilish va daromadini oshirish, tomorqalarga ekin ekishni davlat siyosati darajasiga koʻtarish, tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish va qorakoʻl teri tayyorlashni koʻpaytirish, eksport hajmini oshirish boʻyicha topshiriqlar berdi.
Mamlakatimizda davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish, aholi hayoti sifatini, investitsiya iqlimini, ishchanlik muhitini yaxshilash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Davlat xizmatlari markazlarida aholiga tez, sifatli va keng turdagi davlat xizmatlari koʻrsatish maqsadida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev faollar yigʻilishidan soʻng Navoiy shahar Davlat xizmatlari markazi faoliyati bilan tanishdi.
Markazda elektron navbat tizimi joriy etilgan, fuqarolarga 100 dan ortiq turdagi davlat xizmatlari koʻrsatiladi. Notarial xizmatlar, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish, pasportni rasmiylashtirish, haydovchilik guvohnomasini almashtirish va boshqalar shu yerning oʻzida amalga oshiriladi.
Mijozlarga qulaylik yaratish maqsadida bolalar maydonchasi, kafe, mutolaa xonasi, bepul Wi-Fi aloqasi tashkil etilgan. Bu yerga kelganlar ulardan foydalanib, kutish vaqtini mazmunli oʻtkazishi mumkin.
Markazga kelolmaydigan hamda olis ovul va qishloqlarda yashaydigan aholi uchun maxsus transportlarda joylarga chiqqan holda xizmat koʻrsatiladi.
Prezidentimiz markaz faoliyati bilan tanishar ekan, bunday markazlarda asosiy maqsad fuqarolarni davlat idoralari faoliyatidan rozi qilish ekanini taʼkidladi.
Davlat xizmatlari markazlarida eng asosiy talab – muomala madaniyati boʻlishi kerak. Bu yerga kelgan har bir inson muammosiga yechim, savoliga javob topishi lozim. Barcha harakatlarimiz ana shu maqsadga qaratilgan, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentimiz Xalq qabulxonasining markazdagi boʻlimiga kirib, xodimlar bilan suhbatlashdi. Aholi qanday masalalar boʻyicha murojaat qilayotgani bilan qiziqdi.
Shu yerda Navoiy viloyatida tadbirkorlik, kichik biznes va hunarmandchilikni rivojlantirishga doir loyihalar taqdimoti oʻtkazildi. Xususan, eksperiment tariqasida “Navoiy – tadbikorlar viloyati” loyihasi amalga oshiriladi. Bunda qulaylik yaratish maqsadida tadbirkorlik subyektlarini roʻyxatdan oʻtkazishda davlat boji ikki barobar kamaytiriladi. Qator xizmat koʻrsatish sohalariga imtiyozlar beriladi.
Prezidentimiz davlat xizmatlari markazda tadbirkorlar uchun xizmat turlarini kengaytirish, xususan, ularga yer ajratish, qurilishga ruxsat olish kabi jarayonlarni integratsiyalash boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Shavkat Mirziyoyev Navoiy shahridagi 3-sonli ichki ishlar boʻlimini borib koʻrdi.
Prezidentimizga bu yerda yaratilgan sharoitlar, mahallalarda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash boʻyicha olib borilayotgan ishlar haqida axborot berildi. Joriy yilning yanvar-fevral oylarida Navoiy viloyatida jinoyatlar soni oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 54 foiz, Navoiy shahrida esa 63 foiz kamaygani qayd etildi.
Davlatimiz rahbari xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektorlar bilan muloqotda ayollarning turmush sharoitini oʻrganib borish, ogʻirini yengil qilish zarurligini taʼkidladi.
Agar jamiyatimizda adolatni qaror toptirmoqchi boʻlsak, avvalo, xotin-qizlarning ishonchini qozonishimiz, ularni asrashimiz kerak. Ayolning yashash tarzi, dunyoqarashi oila muhitini belgilaydi. Bu farzandlar tarbiyasi uchun juda muhim, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari ichki ishlar boʻlimidagi situatsion markazni koʻzdan kechirdi. Jamoat xavfsizligini taʼminlashga ixtisoslashgan dasturiy mahsulotlar yaratish, jinoyatchilikni turlari boʻyicha tahlil qilib, ularning oldini olish yuzasidan tavsiyalar berdi.
Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Navoiy viloyatiga tashrifi yakunlandi.
Murojaat tasnifi | Yuborish usuli | Kelib tushgan sana | Ko'rib chiqilgan sana | Hudud |
---|---|---|---|---|
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратиш | Президент почтаси | 6 May 2024 | 18 Sentabr 2024 | Navoiy viloyati |
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуриш | Ишонч телефони | 17 Noyabr 2023 | 27 Fevral 2024 | Toshkent viloyati |
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозилик | Веб-сайт | 14 Fevral 2024 | 20 Fevral 2024 | Jizzax viloyati |
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикаси | Веб-сайт | 13 Fevral 2024 | 27 Fevral 2024 | Surxondaryo viloyati |
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИ | Веб-сайт | 29 Aprel 2024 | 2 May 2024 | Toshkent viloyati |