Hududlarni kompleks ravishda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bosh maqsad qilib qoʻyilganda, uning tashkiliy oʻzagi sifatida sektorlar tizimi vujudga keldi.
Oʻzgarishlarning yangi silsilasi mana, ikki yildirki, afzallik jihatlarini namoyon qildi. Viloyat, tuman (shahar) miqyosida toʻrtta sektorga boʻlingan hududlarga hokim, prokuror, ichki ishlar hamda davlat soliq tizimi rahbarlari mutasaddi etib qoʻyilishi xalq bilan muloqotning oʻziga xos bosqichini belgilab berdi.
Muammolarning tez va sifatli hal etilishi yaqqol koʻzga tashlana boshladi. Shu oʻrinda raqamlarga murojaat qilaylik. Viloyatimizda 2019-yilning olti oyi davomida viloyat, tuman, shahar darajasidagi sektorlar rahbarlari tomonidan aholi bilan 685 ta ommaviy qabul, yaʼni, ochiq muloqotlar oʻtkazildi. Ularda salkam 44 ming nafar fuqaro ishtirok etganligining oʻzi, taʼbir joiz koʻrilsa, qariyb 50 mingga yaqin, balki undan ham koʻproq muammolar tilga olinganligi, yechimini topganligini bildiradi. Aniqroq qilib aytsak, viloyat sektor rahbarlari tomonidan 43 ta muloqot jarayonida 6 ming 785 ta masala koʻrib chiqildi. Ularning 58 foizi qabul joyining oʻzida qanoatlantirildi.
Muloqot jarayoniga taklif etilgan turli soha mutasaddilari ishtirokida masalalarga yechim topilayotganligi ana shunday koʻrsatkichni taʼminlayapti. Endi oʻsha 58 foizdan tashqari turgan murojaatlar masalasiga aniqlik kiritamiz. Ularning 26 foizi asoslantirilgan holda tushuntirishlar berilganligini, yaʼni, fuqaro muammosi yechimini qanday hal etishi lozimligini anglab yetganligini bildiradi. qolganlariga muddatlar belgilanib, ijrosi nazoratga olingan.
Mana, qabul-muloqot tizimining tashkiliy jihatlari ham xalqni rozi qilish tamoyiliga mos kelishini isbotlayapti. Koʻtarilayotgan muammolar koʻlami keng. Aholi tomonidan muhokamaga qoʻyilayotgan birgina ichimlik suvi taʼminoti masalasini olib koʻraylik. Viloyat hokimi - 1-sektor rahbari Sh. Abdurahmonovga 7 ta tumandan tushgan shunday muammoga daxldor murojaatlar asosida 64 kilometr suv tarmogʻi qurildi, 12 dona suv qudugʻi va 29 kilometr tarmoq rekonstruksiya qilindi. Bu 9 milliard soʻm mablagʻ sarflashni talab qildi.Viloyat prokurori - 2-sektor rahbari /. Fozilov, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi - 3-sektor rahbari Sh. Sobirovlarga Shahrixon tumanining Choʻja mahallasida yashovchi Abdumalik Rahmatullayev, Soxiobod MFY vakili Xudoyberdi Maqsudov, Asaka tumanining Otish mahallasida istiqomat qiluvchi Ziyouddin Xolmirzayev, Olaqanot mahallasidan Iminjon Tursunov, Zavkan mahallasidan Zuhriddin Ahmedovlarning hududlarga toza ichimlik suvi chiqarib berilishi yuzasidan qilgan murojaatlari ijobiy yechimini topdi.
Keyingi ikki yil mobaynida aholini va iqtisodiyot tarmoqlarini elektr energiyasi bilan taʼminlash borasida xayrli harakatlar amalga oshirildi. “Chiroq oʻchib qoldi, qachon yonar ekan?“ - degan xavotirdan deyarli qutuldik. Biroq chekka hududlarda, markazlardagi ayrim mahallalarda shu tarmoqda ishlatiladigan jihozlarning eskirganligi yuzasidan shikoyatlar tushmoqda. Viloyat IIB boshligʻi - 3-sektor rahbarining qabuliga Shahrixon tumanining Sherqoʻrgʻon mahallasida yashovchi Alimardon Ahmadaliyev kelib, mahallaga yangi transformator zarurligini aytdi. Murojaat oʻrganilgach, 20 million soʻm mablagʻ evaziga katta quvvatga ega yangi jihoz, qoʻshimcha ravishda 23 dona beton tayanch oʻrnatilib, 1 km masofaga tarmoq tortildi.
Andijon shahrining Choʻlpon 100-yilligi mahallasida istiqomat qiluvchi Murodjon Yuldoshevning viloyat davlat soliq boshqarmasi boshligʻi - 4-sektor rahbari Z. Yuldoshevga murojaati asosida 50 ta yaroqsiz simyogʻochlar almashtirilib, mahallaga yangi transformator oʻrnatib berildi.
Ochiq muloqotlar davomida tadbirkorlarning intilishlari hamda ishbilarmonlik harakatiga qoʻshilishni xohlayotgan fuqarolarning saʼy-harakatlari qoʻllab-quvvatlanmoqda. Aslini olganda mana shunday murojaatlar xalq kayfiyatida, binobarin, hayot tarzida roʻy berayotgan oʻzgarishlarni ham namoyon qiladi. Viloyat hokimi - 1-sektor rahbarining Izboskan tumanida oʻtkazilgan sayyor qabuliga Andijon shahrining Farobiy koʻchasida yashovchi Muhabbatxon Muxtorova keldi. U shu tumanda tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻymoqchi ekan. Murojaat oʻrganilgach, xotin-qizlar jamoat fondi tomonidan 400 million soʻm kredit ajratilishi maʼqul, deb topildi. Viloyat prokurori - 2-sektor rahbariga Marhamat tumanining Uzumzor mahallasida istiqomat qiluvchi Umidjon Gʻiyosov ham ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun madad soʻrab murojaat qildi. “Milliybank“ ATB tuman boʻlimi 100 million soʻm kredit mablagʻi ajratdi.
Jalaquduq tumanining Oyim shaharchasida umrguzaronlik qilayotgan bir guruh mehnat faxriylari koʻp tarmoqli markaziy poliklinikaning hududiy boʻlinmasi binosini qayta qurish zarurligini bayon qildilar. Viloyat hokimi - 1-sektor rahbari moliya, sogʻliqni saqlash tizimi mutasaddilari ishtirokida masalani joyida oʻrgandi. “Milanobiznes servis“ masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan ishlar boshlandi, buning uchun mahalliy byudjetdan 4,5 milliard soʻm mablagʻ ajratiladigan boʻldi. Shu sektor rahbariga Shahrixon tumanining Karnaychi mahallasida yashovchi fuqaro Furqat Madrahimov tomonidan 8-maktab binosi muammolari koʻtarildi. 1989-yilda qurilishi boshlanib, tugallanmay qolgan taʼlim muassasasi faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun 5 milliard soʻm ajratildi. Viloyat davlat soliq boshqarmasi boshligʻi - 4-sektor rahbariga Oltinkoʻl tumanidagi Xoʻja mahallasida yashovchi Muxtasarxon Nishonova mahallasining yoʻli nosoz ekanligidan shikoyat qildi. Shundan soʻng 1 km. 600 metr koʻcha toʻliq taʼmirlandi.
Bu misollar aholi qatlamining ijtimoiy ongi yuksalib borayotganligidan, mayda yoki shaxsiy manfaatlarni ifodalovchi arzlar bilangina emas, koʻpchilik uchun foydali jihatlarni koʻzlaydigan murojaatlar koʻpayayotganidan dalolat beradi.
Viloyat hokimi - 1-sektor rahbariga Oyim shaharchasida oʻtkazilgan sayyor qabul kuni kam taʼminlangan oilalar vakillaridan 15 kishi murojaat qildi hamda ularga 50 million soʻmdan ziyod moddiy yordam koʻrsatildi.Izboskan tumanida esa fuqaro Obidjon Mamatojiyev uy-joy masalasida qiyinchilik tugʻilganligini bayon etdi. Albatta, uning murojaati yuzasidan “Qishloqqurilishinvest“ MCHJ aniq amaliy chora-tadbirlar koʻradigan boʻldi. Ijtimoiy himoya tamoyiliga eʼtibor muloqotlarning oʻzagini tashkil etayotganligi, sayyor qabullarda, avvalo mana shu yoʻnalishga jiddiy eʼtibor qaratish lozimligi oʻz eʼtirofini topdi.
Tuman, shaharlar kesimidagi sektorlar rahbari tomonidan oʻtkazilgan 642 ta ommaviy qabul davomida 35 ming nafardan ziyod fuqarolar ishtirok etganligi, aksariyat murojaatlar joyida qanoatlantirilganligi xususida ham alohida soʻz yuritish mumkin. Bundan tashqari qabul-muloqotlarda viloyatimizga tashrif buyurgan vazirliklar, davlat qoʻmitalari va respublika miqyosidagi idoralar rahbarlari tomonidan aholining dardu tashvishlari izchil oʻrganilayotganligini taʼkidlash joiz. Ana shunday 20 ta qabul chogʻida qariyb 1 ming 900 ta murojaat koʻrib chiqildi.
Davlatimiz rahbarining “Insonlarning dardu tashvishlarini oʻylab yashash - odamiylikning eng oliy mezonidir“ degan soʻzlari xalq bilan muloqotlar chogʻida birinchi darajali tamoyil boʻlmoqda, deb aytishga toʻla haqlimiz. Odamlar bugunidan rozi boʻlsin, ertangi kuniga yorugʻ yuz bilan borsin - shunday oliyjanob niyatni koʻngliga tukkan har bir kishi, xoh u oddiy fuqaro, xoh u rahbar boʻlsin, hayot darajamizning oʻzgarishiga munosib hissasini qoʻshmogʻi muqarrardir.
Mamazoir XOʻJAMBERDIYEV,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Andijon viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri
Murojaat tasnifi | Yuborish usuli | Kelib tushgan sana | Ko'rib chiqilgan sana | Hudud |
---|---|---|---|---|
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратиш | Президент почтаси | 6 May 2024 | 18 Sentabr 2024 | Navoiy viloyati |
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуриш | Ишонч телефони | 17 Noyabr 2023 | 27 Fevral 2024 | Toshkent viloyati |
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозилик | Веб-сайт | 14 Fevral 2024 | 20 Fevral 2024 | Jizzax viloyati |
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикаси | Веб-сайт | 13 Fevral 2024 | 27 Fevral 2024 | Surxondaryo viloyati |
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИ | Веб-сайт | 29 Aprel 2024 | 2 May 2024 | Toshkent viloyati |