Otchopar mahallasi – hududi bo‘yicha Qarshi shahridagi eng katta mahallalardan biri. Shunga yarasha bu mahallaning muammosi ham ko‘p edi. Mavjud infratuzilma bilan maqtanib bo‘lmasdi. Har holda ahvol mahalla ahlini qoniqtirmas edi. Muhandislik-kommunikatsiya tarmog‘i eskirgan, xullas, o‘zgarishlar qilish zarurati yuzaga kelgandi.
Shular e’tiborga olinib, o‘tgan yili Otchopar “Obod mahalla” dasturiga kiritildi. Dastur doirasida hududni obodonlashtirish, infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
Xo‘sh, o‘tgan davrda Otchoparda nimalar o‘zgardi? Dastur asosida amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlarga nazar solsak.
Mahalla hududida 440 o‘ringa mo‘ljallangan 44-umumiy o‘rta ta’lim maktabi joylashgan. Dastur doirasida ta’lim muassasasini kapital ta’mirdan chiqarish rejalashtirilgan edi. 2018 yilda qurilish-ta’mirlash ishlari bajarilib, maktabdagi sharoitlar yanada yaxshilandi, qulayliklar ortdi. Buning uchun mahalliy budjetdan 350 million so‘m mablag‘ sarflandi. Mahalla hududi kattaligi inobatga olinib, guzar uchun boshqa joydan qo‘shimcha yangi bino qurib foydalanishga topshirildi. Bu ishga 500 million so‘m mablag‘ ishlatildi.
– Mahallada kommunal sohadagi muammolarni hal etishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Qarshi shahar hokimi o‘rinbosari Ulug‘bek Avazov. – Dasturga asosan Otchopar mahallasida 22 kilometr ichimlik suvi quvurlari yotqizildi. Har biri 500 metr kub bo‘lgan 2 ta rezervuar qurilmoqda. Hozirda qurilish-montaj ishlari yakuniga yetkazilayotir. Joriy yil oktabr oyi boshida aholi toza ichimlik suvidan foydalanish imkoniga ega bo‘ladi. Shuningdek, hududda 6,2 kilometr elektr tarmoqlari rekonstruksiya qilinib, bu boradagi reja ortig‘i bilan bajarildi. 7 ta transformator punkti va 9,7 kilometr elektr uzatish tarmog‘i ta’mirlandi. Gaz ta’minotini yaxshilash bo‘yicha ham zarur choralar ko‘rildi. 3,3 kilometr gaz quvurlarini joriy ta’mirlash ishlari bajarildi. Ayrim iste’molchilarga 270 dona maishiy gaz ballonlari ham yetkazib berildi.
Shu kunga qadar Otchopar mahallasida ichki yo‘llar holati og‘riqli masalalardan biri bo‘lib kelgan. Xo‘sh, bu boradagi ishlar qay holatda?
– Yaqin kelajakda mahallamizda yo‘l sohasida umuman muammolar bo‘lmaydi, – deydi Otchopar mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Parmon Chorshanbiev. – Dasturga ko‘ra, hududda 11 kilometr yo‘lni ta’mirlash ko‘zda tutilgan edi. Dastlabki ekspertiza xulosalariga ko‘ra ajratilgan limitga asosan 14 kilometr yo‘lga asfalt hamda shag‘al qoplamasi yotqizish belgilab olindi. Shu kecha kunduzda “Qashqadaryo yo‘llardan muntazam foydalanish” unitar korxonasi tomonidan ushbu yo‘llarga shag‘al qoplamasi to‘shash ishlari to‘liq bajarilgan. Hozircha shundan 1,5 kilometr yo‘lga asfalt qoplamasi yotqizilgan. Yo‘lsozlar tomonidan bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda. Tegishli dasturda Otchopar MFY hududida jami 800 metr piyodalar yo‘laklari qurilishi mo‘ljallangan edi. Amalda esa bu ko‘rsatkich 1,5 kilometr etib bajarildi. Yo‘lak qurilishiga 420 million so‘m mablag‘ ajratildi. Yo‘llar chetiga esa 32 dona yoritish ustunlari ham o‘rnatildi.
Aholi ham bu ishlarga butunlay befarq qarab o‘tirgani yo‘q. Mahallani obod qilishdek xayrli ishga xayrixoh bo‘ldi. Hududda jami 2 ming 69 ta yakka tartibdagi aholi xonadoni mavjud bo‘lib, shundan dasturga muvofiq, 1 ming 400 ta yakka tartibdagi uylarning fasad qismi va 340 tasining tom qismini ta’mirlash belgilangan. Bu ishga hamma jiddiy qarab, vazifa a’lo darajada uddalandi. Uylar chiroy ochib, mahalla ko‘rkiga ko‘rk bag‘ishlamoqda. Hozirgi kunda qurilishi tugallanmagan, bo‘sh yer uchastkalari ham bor. Ularning egalari imorat solishni tezlatish payida.
Avvallari, Otchoparda rejasiz, duch kelgan joyda, o‘zboshimchalik bilan qurib olingan binolar, ko‘rimsiz yengil konstruksiyalar bor edi. Tushuntirishlardan so‘ng 100 dan ortiq qurilmalar egalari tomonidan buzib olindi. Bu borada hozir ham ishlar davom ettirilmoqda.
Qolaversa, dasturga asosan Otchopar MFY hududida xususiy tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan ham muhim quvvatlarni ishga tushirish bo‘yicha ishlar samarali tashkil etilmoqda. Ayni vaqtga qadar aksariyat tashabbuskorlar o‘z mablag‘i va bank krediti evaziga bir qator ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va savdo shoxobchalarini foydalanishga topshirdi. Bu loyihalarning
amalga oshishi yangi ish o‘rinlari yaratilishiga ham keng imkon bermoqda.
– Mahallamiz obodligi avvalo, xalqimiz uchun. Ushbu xayrli ishga biz ham o‘z hissamizni qo‘shish maqsadida tadbirkorlik faoliyatimizni boshlab yubordik, – deydi “Sadaf Nur Stoma-M” xususiy korxonasi rahbari G‘ovsiddin Faxriddinov. – O‘zim oliy toifali tish shifokorimman. Joriy yil mahalla hududida xususiy klinika qurdik. Kredit mablag‘i evaziga xorijdan zamonaviy texnologiyalar keltirildi. Natijada ikki nafar ish o‘rni ham yaratildi. Hozirgi kunda xalqimizga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishga harakat qilmoqdamiz.
Ma’lumotlarga ko‘ra, dasturda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida 13,5 milliard so‘m, shundan Respublika budjetidan 6,8 milliard so‘m, mahalliy budjetdan 1,5 milliard so‘m, tarmoq korxonalari hisobidan 944,7 million so‘m ajratildi. Shuningdek, qolgan ishlar tadbirkorlarning to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘z mablag‘lari va boshqa manbalar hisobidan moliyalashtirildi.
Dasturdan tashqari, viloyat hokimining 2019 yil 15 iyuldagi hamda Qarshi shahar hokimining 2019 yil 16 iyuldagi tegishli buyruqlariga asosan Otchopar mahalla fuqarolar yig‘inida umumiy hisobda mavjud 16 kilometr tuproq yo‘lga qum-shag‘al qoplamasi yotqizish rejalashtirilgan. Shundan hozirgi holatda 8,8 kilometrlik tuproq yo‘lga qum-shag‘al yotqizilgan.
Otchoparda boshlangan bunyodkorlik ishlari hali shu bilan to‘xtab qolmaydi. Qilinadigan ishlar ko‘p, chora-tadbirlar aniq. Dasturning samarali amalga oshirilishi Otchopar mahallasini yanada obod go‘shaga aylantirishga xizmat qiladi.
O‘.BAROTOV, O‘zA
Murojaat tasnifi | Yuborish usuli | Kelib tushgan sana | Ko'rib chiqilgan sana | Hudud |
---|---|---|---|---|
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратиш | Президент почтаси | 6 May 2024 | 18 Sentabr 2024 | Navoiy viloyati |
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуриш | Ишонч телефони | 17 Noyabr 2023 | 27 Fevral 2024 | Toshkent viloyati |
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозилик | Веб-сайт | 14 Fevral 2024 | 20 Fevral 2024 | Jizzax viloyati |
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикаси | Веб-сайт | 13 Fevral 2024 | 27 Fevral 2024 | Surxondaryo viloyati |
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИ | Веб-сайт | 29 Aprel 2024 | 2 May 2024 | Toshkent viloyati |