Samarqand viloyatida 2019-yil “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan qishloqlarda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida shu yil mart oyida Qo‘shrabot tumanining Jo‘sh qishlog‘ida bo‘lgan edik.
O‘sha vaqtda viloyatning eng olis qishloqlaridan hisoblangan hududda endigina yo‘llarni kengaytirish, eski devorlarni buzish, yangi ob’ektlar qurilishi boshlangan edi.
O‘tgan hafta yakunida samarqandlik ommaviy axborot vositalari vakillari uchun Qo‘shrabot tumaniga uyushtirilgan press-tur davomida mazkur hududda ham bo‘lib, dastur asosida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdik.
Ochig‘i, olti-yetti oyda qishloq qiyofasi shunchalik o‘zgarib ketgani, shuncha bunyodkorlik ishlari bajarilganini birov aytsa, ishonmas edik, lekin o‘zimiz ko‘rib, odamlar bilan suhbatlashib, hayratlanganimiz, havas qilganimiz rost.
Avvalo, ta’kidlash kerakki, Jo‘shda bitta yoki ikkita emas, 8 mahallaning hududini obod qilish ishlari olib borilgan. Tuman bo‘yicha esa bu yil 12 mahalla dasturga kirgan. Shu paytgacha yozda tuproq, qishda loy bo‘ladigan ko‘chalar tosh to‘shalib, asfalt qilingan. Transport vositalari va piyodalar uchun yangi ko‘priklar qurilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, tumanda bu yil 120 kilometr yo‘lga tosh-shag‘al to‘shalgan bo‘lsa, 30 kilometrlik ko‘cha asfalt qilingan. Yil yakunigacha yana 20 kilometr yo‘l asfalt bo‘ladi. Yo‘llar chetida piyodalar yo‘laklari tashkil qilingan, tungi yoritish chiroqlari o‘rnatilgan.
Martda borganimizda yo‘llar atrofida paxsadan ko‘tarilgan, loysuvoq devorlar buzilgan edi. Endi ularning o‘rnida bir qator, bir xil balandlikda, chiroyli rang berilgan devorlar bunyod etilibdi. Qishloqda tomi shiferlanmagan, atrofi o‘ralmagan uy-hovli qolmabdi. Har bir xonadonda qurilish-ta’mirlash ishlari bajarilgan. Suv, elektr energiyasi ta’minoti bilan bog‘liq muammolarga o‘rin qoldirilmagan.
Darvoqe, dasturda belgilangan ishlarni bajarish jarayonida hududdagi mahallalarda yashovchi aholi uchun 70 dan ortiq uy-joy viloyat va tuman mahalliy budjeti mablag‘lari va boshqa manbalar hisobidan bunyod etilibdi. Bu uylar asosan, ehtiyojmand, turar joyga muhtoj oilalarga ajratilgan.
Eng muhimi, hududda yigirmaga yaqin maktab va maktab filiallarida rekonstruksiya, ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan. Qishloq markazida bunyod etilgan 150 o‘rinli bog‘chadagi shart-sharoit va imkoniyatlar shahardagilardan yaxshi bo‘lsa, yaxshiki, kam emas. Endilikda salomatligida muammo paydo bo‘lgan jo‘shliklar 40 kilometr masofa bosib tuman markaziga borishiga zarurat qolmabdi. Qishloq markazida 150 o‘rinli zamonaviy shifoxona qurilib, zarur tibbiy uskunalar bilan jihozlangan. Shuningdek, bu yerda oilaviy poliklinika, shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish shoxobchasi ish boshladi.
– 1991 yildan buyon shu muassasada ishlayman, – deydi Qo‘shrabot tuman tibbiyot birlashmasi Jo‘sh filiali bosh shifokori Rajabboy Mamatov. – Eski, moslashtirilgan binoda faoliyat ko‘rsatar edik. Yangi shifoxona qurish, jihozlar ajratish masalasida ko‘p murojaat qilganmiz. Ammo natija bo‘lmas edi. Oxirgi paytlarda kishilar shoshilinch tibbiy xizmat zarur bo‘lmasa, bu yerga kelmay qo‘ygandi. Ayniqsa, ayollarimiz tug‘ruq uchun tuman markaziga borishda juda qiynalardi. “Obod qishloq” dasturi asosida eski shifoxonamiz o‘rnida 9 oyda ushbu zamonaviy bino qad rostlagani barcha jo‘shliklarni xursand qildi. Ayniqsa, homilador ayollar, nogiron va bemor kishilarga juda katta qulaylik yaratildi.
Dasturga ko‘ra, Jo‘shdagi dehqon bozori ham tubdan yangi qurildi. 1200 savdo rastasiga ega ushbu majmuada olis qishloq aholisiga zamonaviy savdo xizmatlari ko‘rsatish uchun shart-sharoit yaratilmoqda. Shuningdek, sharq shirinliklari, barcha joyda xaridorgir Qo‘shrabot mayizi, non va non mahsulotlari, milliy hunarmandlik buyumlari sotish uchun alohida savdo pavilonlari qurilgan. Bozor atrofida esa tadbirkorlarga yuzga yaqin savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalari ajratilib, ular bir xil loyiha asosida bunyod etildi.
Qishloqdagi muqaddas qadamjo – XII asrga oid Jo‘sh ota masjidi va ziyoratgohini obod qilish ishlari qizg‘in davom etayotganiga guvoh bo‘ldik. Hududdagi 7 mahalla uchun esa zamonaviy mahalla markazlari qad rostlabdi.
– Mahallamizning alohida binosi yo‘qligi sababli o‘tgan safar kelganlaringizda ko‘chada suhbatlashganedik, – deydi “Chimmos“ mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Sa’dulla Abdusamatov. – Endi fuqarolar yig‘ini barcha xodimlari, aholi uchun zarur qulayliklarga ega mahalla markazimiz bor. “Obod qishloq” dasturi aholi xonadonlaridan boshlab, ta’lim va tibbiyot muassasalari, yo‘l va boshqa infratuzilma ob’ektlarini, mahallamiz hayotini, eng muhimi, odamlarning turmush tarzini o‘zgartirdi. Aholining bugungi hayotidan roziligi, ertangi kunga umidi oshdi, yangicha turmush madaniyati shakllanmoqda.
Jo‘shga mart oyida borganimizda Qo‘rg‘on qishlog‘ida mashhur baxshi Ergash Jumanbulbul o‘g‘li uy-muzeyining yangidan qurilayotgani ustidan chiqqan edik. Chunki, Samarqand viloyati hokimining qaroriga ko‘ra, bu yil buyuk oqin, xalq baxshisi Ergash Jumanbulbul o‘g‘li tavalludining 150 yilligini keng nishonlash belgilangan. “Kuntug‘mish”, “Yakka Ahmad”, “Alibek bilan Bolibek”, “Dalli”, “Ravshan”, “Qunduz bilan Yulduz”, “Qiz Jibek”, “Go‘ro‘g‘lining tug‘ilishi”, “Hasanxon”, “Avazxon”, “Oshiq G‘arib”, “Vomiq bilan Uzro” kabi 30 ga yaqin doston va ko‘plab xalq termalarni yoddan bilgan bu mashhur baxshining o‘tgan asrda tashkil etilgan uy-muzeyi bugunga kelib, e’tibordan chetda qolgan va ta’mirtalab edi. Jo‘shda boshlangan qurilish-obodonlashtirish ishlari jarayonida nafaqat ushbu maskan, balki butun Qo‘rg‘on qishlog‘i ham yangicha qiyofa kasb etdi. Yangi mahalla markazi, o‘nga yaqin savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari qurildi. Yuqorida qayd etganimiz 70 dan ortiq uy-joyning 31 tasi shu yerda bunyod etilgan ekan.
Ayni paytda muzeyni jihozlash va eksponatlarni joylashtirish, hududni obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Buyuk oqin uy-muzeyining obod bo‘layotgani bu yerga yana baxshilarni chorlamoqda. 12 yoshli Sunnatilla Tog‘aymurodov do‘mbira chertib, xalq termalaridan kuylab berganida, Qo‘rg‘on dostonchilik maktabi an’analari davom etayotganiga, bu zamindan Ergash Jumanbulbul o‘g‘liga munosib vorislar yetishib chiqishiga ishonch hosil qildik.
– Jo‘shda “Obod qishloq” dasturi bo‘yicha rejalashtirilgan ishlarning asosiy qismi yakuniga yetdi, lekin hali bajarilishi zarur bo‘lgan yumushlarimiz ko‘p, – dedi qishloqdagi qurilish-obodonlashtirish jarayonlari bilan tanishib yurgan Qo‘shrabot tumani hokimi Himmat Oqbo‘taev. – Qishloqda yangidan bunyod etilayotgan istirohat bog‘ida ozroq ish qoldi, yangi uylarni aholi ko‘chib kirishiga tayyorlab berishimiz kerak, yuz nafardan ortiq xotin-qiz ish bilan ta’minlanadigan tikuvchilik sexiga uskunalar keltirib o‘rnatilmoqda. Bozor va masjid qurilishi ham yaqin kunlarda yakunlanadi. Ana undan keyin Jo‘shdagi ishlar haqida batafsil yozsangiz bo‘ladi va albatta, jurnalistlarni taklif qilamiz.
Lekin biz Jo‘shda shu paytgacha bajarilgan ishlar haqida, o‘zimiz ko‘rganlarimiz haqida yozgimiz keldi va yozdik. Qurilish-obodonlashtirish ishlari yakunlangach, tuman hokimi aytganidek, yana kelarmiz, yozarmiz.
Murojaat tasnifi | Yuborish usuli | Kelib tushgan sana | Ko'rib chiqilgan sana | Hudud |
---|---|---|---|---|
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратиш | Президент почтаси | 6 May 2024 | 18 Sentabr 2024 | Navoiy viloyati |
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуриш | Ишонч телефони | 17 Noyabr 2023 | 27 Fevral 2024 | Toshkent viloyati |
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозилик | Веб-сайт | 14 Fevral 2024 | 20 Fevral 2024 | Jizzax viloyati |
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикаси | Веб-сайт | 13 Fevral 2024 | 27 Fevral 2024 | Surxondaryo viloyati |
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИ | Веб-сайт | 29 Aprel 2024 | 2 May 2024 | Toshkent viloyati |