Toyloq tumani Samarqandning kichik, ammo iqtisodiy imkoniyatlari katta hududlaridan biri hisoblanadi.
Tumanda, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi yaxshi rivojlangan. Bu yerda yetishtirilgan meva-sabzavot mahsulotlari tuman aholisi ehtiyojidan ortib, mamlakatimizning boshqa hududlariga ham yetkazib beriladi. Xorijga eksport salmog‘i ancha yuqori.
Lekin bugun faqatgina mahsulot yetishtirish bilan iqtisodiyotni mustahkamlab, bu ish bilan shug‘ullanayotgan fermer yoki tadbirkor moddiy manfaatdorligini oshirib bo‘lmaydi. Mahsulotni qayta ishlash, iste’molga yoki foydalanishga tayyor holda bozorga chiqarish talab etiladi.
Keyingi yillarda tumanda sanoatni rivojlantirish, yangi korxonalar tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilayotgan loyihalarda bu jihatlarga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Tadbirkorlar safi kengaymoqda
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda Toyloqda 2556 tadbirkorlik sub’ekti faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning 1560 nafarini yakka tartibdagi tadbirkorlar tashkil etadi. Joriy yilning to‘qqiz oyida tumanda 288 yuridik shaxs, 717 yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’ekti ish boshladi.
Yil boshidan buyon tadbirkorlarga barcha manbalar hisobidan 87,6 milliard so‘m kredit ajratildi. Bu mablag‘ning salmoqli qismi, ya’ni 55,8 milliard so‘mi kichik biznes sub’ektlariga yo‘naltirildi. Shuningdek, bitta loyiha uchun xorijiy kredit liniyalari mablag‘lari hisobidan 480 ming AQSh dollari ajratilgan.
Tumandagi korxonalar tomonidan o‘tgan davrda 17 million 470 ming dollarlik mahsulot eksport qilingan. Bu viloyat bo‘yicha amalga oshirilgan eksportning 8,5 foizini tashkil etmoqda.
Yaqinda tumanda yana bir eksportyor korxona faoliyat boshladi. Adas mahallasida tashkil etilgan “Doniev Stil Servis” mas’uliyati cheklangan jamiyatida mayizni quritish va qadoqlash yo‘lga qo‘yildi.
– Umumiy qiymati 500 ming dollar bo‘lgan mazkur loyihani amalga oshirish uchun asosan o‘z mablag‘imizdan foydalandik, – deydi korxona ish yurituvchisi R.Doniev. – Turkiya va Xitoydan zamonaviy texnologiyalar keltirib o‘rnatilishi bilan bu yerda kuniga 10 tonnagacha mayizni yuvib-tozalab, quritish va qadoqlash yo‘lga qo‘yildi. 15 kishi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi. Mahsulotimiz to‘liq xorijga eksport qilinadi. Bu borada Qozog‘iston, Rossiya va Turkiyadagi hamkorlarimiz bilan birga ishlayapmiz. Korxonamizda qadoqlangan dastlabki mahsulotni Turkiyaga chiqardik.
Tadbirkorning aytishicha, kelgusida bu yerda boshqa quruq mevalarni ham turli o‘lcham va hajmdagi qutilarda qadoqlash hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoga chiqarish, turistik kompaniyalar bilan hamkorlik qilish rejalashtirilgan.
Investitsiya – iqtisodiyot tayanchi
2019-2020 yillarda Toyloqda umumiy qiymati qariyb 280 milliard so‘mlik 53 loyiha amalga oshirilishi belgilangan. Buning uchun 17 million 100 ming AQSh dollari miqdorida xorijiy investitsiya kiritilishi hamda 846 yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.
– Jamiyatdagi ishlab chiqaruvchi kuchlarning rivojlanishi, hududlarning yuqori o‘sish darajasiga erishishida investitsiyalar muhim o‘rin tutadi, – deydi Toyloq tumani hokimi o‘rinbosari – investitsiya va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘i Dilshod Umirzoqov. – Shu bilan birga investitsiya aholi turmush darajasini oshirib borishning zarur sharti hisoblanadi. Shu bois bugun mamlakatimizda faol investitsiya siyosatini olib borishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda yuqori texnologiyali qayta ishlash tarmoqlarini, avvalo, mahalliy xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash asosida yuqori qo‘shimcha qiymatli tayyor mahsulot ishlab chiqarishni jadal rivojlantirishga harakat qilinmoqda. Tumanimizga investitsiya jalb qilishda ham bunga eng muhim ustuvor yo‘nalish sifatida qaralmoqda. Joriy yilning to‘qqiz oyida 107 milliard 445 million so‘m investitsiya (600 ming dollar xorijiy kredit, 7 million dollar xorijiy investitsiya) kiritilishi natijasida amalga oshirilgan 38 loyihaning salmoqli qismini mahalliy xomashyoni qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishga mo‘ljallangan korxonalar tashkil etmoqda. Jumladan, qishloq xo‘jaligi bo‘yicha 22 ta, xizmat ko‘rsatish va servis sohasiga oid 9 ta, sanoat salohiyatini rivojlantirish yuzasidan 7 loyiha amalga oshirildi.
Yil yakuniga qadar amalga oshiriladigan yana beshta loyiha bo‘yicha tumanga 49 milliard 550 million so‘m investitsiya kiritish rejalashtirilgan. 2020 yilda ishga tushiriladigan 10 loyiha bo‘yicha esa 10 million 100 ming dollarlik xorijiy investitsiya kiritiladi.
Bugungi kunda tumandagi yirik investitsiya loyihalari qatorida “Pet Agro Oil” qo‘shma korxonasi, tibbiyot qo‘lqoplari hamda shpris ishlab chiqarishga mo‘ljallangan “Japan Trading” xususiy korxonasi, “Bro beans” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashkil etilayotgan logistika markazini alohida qayd etish lozim.
Odamlar uchun munosib turmush sharoiti yaratish
– Iqtisodiyotni rivojlantirish, sanoat, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishni zamon talabiga mos taraqqiy ettirish bundan buyon ham doimiy e’tiborimizda bo‘ladi, – deydi Toyloq tumani hokimi Bahodir Bobonazarov. – Busiz hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini tasavvur qilib bo‘lmaydi. Albatta, birinchi navabatda, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlaymiz, tumanimizda mavjud imkoniyat va resurslardan samarali foydalanishga harakat qilamiz. Bu borada Toyloqdagidek imkoniyat, sharoit, muhimi, tadbirkorlikka moyil kishilar hamma joyda yo‘q. Davlat tomonidan e’tibor, qo‘llab-quvvatlash va ozgina rag‘bat bo‘lsa bas, tadbirkorlarimizning o‘zlari har qanday og‘ir masalalarni hal qila oladi. Buning uchun iqtisodiy salohiyati yuqori bo‘lgan ishbilarmonlarimiz ham ko‘p. Asosiysi, ishlash uchun ularga imkoniyat yaratib berish, faoliyatiga asossiz aralashmaslik kerak. Bugun Prezidentimizning biz, rahbarlarga qo‘yayotgan talabi ham shu va bunga qat’iy amal qilamiz.
Iqtisodiyot lokomotivi vazifasini tadbirkorlarimiz bajarar ekan, biz ko‘proq ijtimoiy masalalar bilan shug‘ullanishimiz, xalqimiz uchun munosib turmush sharoiti yaratish, ularning dardu tashvishlarini eshitishimiz zarur. Davlatimiz rahbari yuritayotgan ochiq va xalqparvar siyosatning mohiyatini ham shu jihatlar tashkil etmoqda.
Bir yildan buyon tumanga rahbarlik qilib, hududni ozmi-ko‘pmi o‘rganib shunga amin bo‘ldimki, bugungi kunda Toyloqda aholini uy-joy bilan ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish eng muhim masalalardan hisoblanadi. Yillik dastur va rejalarimizda bunga alohida e’tibor qaratyapmiz. Xususan, tumanimiz yerlarining asosiy qismi dehqonchilik uchun mo‘jallanganligini e’tiborga olib, bundan buyon hududda ko‘p qavatli uylar qurish bo‘yicha takliflarimizni bergan edik. Prezidentimiz joriy yilning yanvar oyida viloyatimizga tashrifi chog‘ida bu borada kerakli ko‘rsatmalarni bergach, tumanimiz markazida zamonaviy ko‘p qavatli uylar qurilishi boshlandi.
Ayni paytda 6 gektar maydonda ikki ming xonadonga mo‘ljallangan 12 va 16 qavatli 20 uy, xizmat ko‘rsatish va servis majmualari qurish bo‘yicha loyiha tasdiqlanib, bunyodkorlik ishlari davom etmoqda. Shu yilning o‘zida 6 ko‘p qavatli uy qurilishi, jumladan, 3 uyni foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, bu yil mazkur hududda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj, uy-joyga ehtiyojmand qatlami uchun to‘rtta to‘rt qavatli arzon uylar qurildi va yaqin kunlarda o‘z egalariga topshiriladi. Shuningdek, bu yerda davlat xizmatlari ko‘rsatish markazi uchun bino qurilmoqda. Yoshlar markazi va zamonaviy savdo majmuasi uchun ham joy ajratilgan.
Aholi uchun yangi ish o‘rinlari yaratish, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlar bandligini ta’minlash uchun, avvalo, qishloqlarda yangi korxonalar tashkil etish, aholining tadbirkorlik bilan shug‘ullanishiga imkoniyat yaratishga e’tibor qaratilmoqda. “Har bir oila – tadbirkor” va “Yoshlar – kelajagimiz” dasturlari asosida ajratilayotgan kreditlar bu boradagi muammolarga ijobiy yechim bo‘layotir. To‘g‘ri, bu yo‘nalishda hali yechimini kutayotgan masalalar bor, lekin amaliy ishlar ham kam emas.
Tuman aholisi bandligini ta’minlashning yana bir istiqbolli yo‘nalishi turizm sohasi hisoblanadi. Mutaxassislar bilan o‘rganib ko‘rganimizda hududda ekologik, agro va ziyorat turizmini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar borligi ma’lum bo‘ldi. Shundan kelib chiqib aholiga o‘z takliflarimizni aytdik va hozirda yuzlab yoshlar bu borada o‘z biznes-rejalarini tuzib, ishga kirishdi.
Ta’lim, sog‘liqni saqlash muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda ularda xalqimizning talab va ehtiyojlariga mos sharoit yaratish, yoshlar ta’lim-tarbiyasiga doimiy e’tibor qaratish, mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash ham faoliyatimiz asosini tashkil etmoqda. Bundan tashqari “Obod qishloq” dasturi asosidagi ishlarimiz ko‘lami yil sayin kengaymoqda.
Umuman, hokim sifatida bir yillik faoliyatimda anglaganim shu bo‘ldiki, hudud taraqqiyotiga erishish, odamlar uchun munosib turmush sharoiti yaratish rahbar uchun asosiy maqsad bo‘lishi kerak ekan.
G‘olib HASANOV, O‘zA
Murojaat tasnifi | Yuborish usuli | Kelib tushgan sana | Ko'rib chiqilgan sana | Hudud |
---|---|---|---|---|
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратиш | Президент почтаси | 6 May 2024 | 18 Sentabr 2024 | Navoiy viloyati |
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуриш | Ишонч телефони | 17 Noyabr 2023 | 27 Fevral 2024 | Toshkent viloyati |
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозилик | Веб-сайт | 14 Fevral 2024 | 20 Fevral 2024 | Jizzax viloyati |
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикаси | Веб-сайт | 13 Fevral 2024 | 27 Fevral 2024 | Surxondaryo viloyati |
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИ | Веб-сайт | 29 Aprel 2024 | 2 May 2024 | Toshkent viloyati |