2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
Aholi orasida yurgan rahbar uning dardini chuqur his etadi

Namangan viloyatining Chust, To‘raqo‘rg‘on, Chortoq va Uchqo‘rg‘on tumanlaridagi chekka va olis hududlarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tashabbusi bilan ommaviy sayyor qabullar o‘tkazildi.

Uch kun davom etgan qabullarda Prezident maslahatchisining o‘rinbosari Alisher Usmonov boshchiligida 20 dan ziyod vazirlik va idoralar, huquqni muhofaza qilish organlari, sektorlar, shuningdek hududiy tashkilot, boshqarma va muassasalar rahbarlari, viloyat va tumanlar hokimlari ikki mingga yaqin fuqaroning murojaatlarini ko‘rib chiqdi.

Xalq bilan muloqotning uzviyligini ta’minlash, odamlarning dardu tashvishlariga quloq tutish, mavjud muammo va masalalarga yechim topish, inson manfaatlariga qaratilgan sayyor qabul mobaynida sud-huquq organlari faoliyati, sog‘liqni saqlash, bandlik, mahalla va oila, ta’lim, kommunal xizmatlar va uy-joy, avtomobil yo‘llari, bank sohasiga oid masalalarga mutasaddilar tomonidan yechim izlandi.

Prezdiyent Administratsiyasi, Bosh prokuratura, Sog‘liqni saqlash, Ichki ishlar, Bandlik va mehnat munosabatlari hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirliklari, Namangan viloyati hokimligi, Markaziy bank, kadastr agentligi sa’y-harakati bilan 719 ta muammo joyida hal etildi. 448 murojaat egalariga huquqiy maslahat, 177 kishiga zarur tushunchalar berildi. O‘rganish talab etadigan 581 muammo viloyat va Respublika darajasida alohida nazoratga olindi.

E’tirof etish darkor, keyingi to‘rt yil ichida mamlakatimizda xalq bilan muloqotning samarali mexanizmi yaratildi. Davlatimiz rahbarining virtual qabulxonasi ishga tushirildi, viloyat, shahar va tumanlarda Prezident Xalq qabulxonalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu aholi turmushini yaxshilash, fuqarolar huquq va manfaatlarini ta’minlash, savdo va xizmat sohasi, tadbirkorlik rivojiga to‘siq bo‘layotgan turli muammolarga chek qo‘yish imkonini bermoqda.

Namangan tajribasi sifatida ilk bor tashkil etilgan keng ko‘lamdagi ommaviy sayyor qabullar ham xalq ichiga kirib borish, odamlarning tashvish va muammolarini chuqur o‘rganish va tegishli idora hamda tashkilotlar bilan birgalikda hal etishda samarali tizim sifatida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, odamlar ko‘proq ishsizlik, turar-joy va yer uchastkasini olish, biznes yuritish hamda kommunal xizmatlar ta’minoti va hududdagi infratuzilma masalalarida ko‘plab qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

Chust shahridagi “Bibiona” ziyoratgohida boshlangan ommaviy qabullardagi ilk murojaat 72 yoshli mehnat faxriysi Xoldorjon Jo‘rayevdan tinglandi. Nuroniy uchta muhim masalani o‘rtaga tashladi. Birinchidan, u istiqomat qilayotgan Zarafshon mahallasiga toza ichimlik suvi tortilmagan. 760 ta xo‘jalikdagi 4145 fuqaro ariqdagi suvdan ichib kelmoqda. Qolaversa, hudud tabiiy gaz tarmog‘idan uzib qo‘yilganiga 12 yildan oshgan. Xonadonlardagi ballonlarni suyultirilgan gaz bilan ta’minlash uzviyligi va muddatida keyingi paytda bir qator muammolar yuzaga kelgan. Avtomobillarga gaz quyish shaxobchalarida bir kub gaz qimmat narxda – 2600 so‘mgacha sotilmoqda. Boshqa hududlardagi shaxobchalarga nisbatan 500 so‘m farq qilayotgani esa tegishli mutasaddilar tomonidan zarur choralar ko‘rilishi kerak bo‘lgan tashvishli holat. Murojaatda keltirilgan masalalarni belgilangan tartibda ko‘rib chiqish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

– Mahallamizdagi ichki yo‘lning o‘ydim-chuqur, yozda chang, qishda loy ahvolidan zada bo‘lganmiz, – deydi Chust shahridagi Ma’rifat ko‘chasida yashovchi Mirsa’di ota Jalilov. – Ayniqsa, bolalarimizga qiyin, yomg‘ir yoqqan kuni loy kechib maktabga borish muammoga aylanadi. Bu masalada tegishli idoralar eshigini bir necha bor taqillatishga to‘g‘ri kelgan, biroq bundan hech qanday naf tegmagan. Nihoyat sayyor qabulda dardimizni eshitishdi. Yo‘lsozlar yog‘in-sochinli kunlarga qoldirmasdan yo‘limizni ta’mirlab berishga va’da berdi.

“Ko‘mirta’minot” mas’uliyati cheklangan jamiyati vakillari 52 kishining yoqilg‘i bilan bog‘liq murojaatini tingladi. Natijada, jamiyatning Namangan viloyati bo‘limi tomonidan 142 tonna ko‘mir yetkazib berildi. Shuningdek, Chust tumanidagi 12 ta mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi 150 tonna mahalliy arzonlashtirilgan ko‘mir maxsuloti bilan ta’minlandi. Bundan tashqari, mehnat faxriylariga 8 tonna, Chortoq tumanida istiqomat qiluvchi ehtiyojmand oilalarga 15 tonna yoqilg‘i bepul yetkazildi.

– Namanganga quruq qo‘l bilan kelganimiz yo‘q. Ikki kun ichida viloyatga 98 vagon ko‘mir ortdik. 33 vagoni yetib keldi. Qolgani ham tez kunlarda keltiriladi. Bu bilan ko‘mir ta’minotida uzilish bo‘lmasligiga kafolat yaratiladi, – deydi jamiyat rahbari Arslon Qayumov.

Sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari, tibbiyot fanlari doktori Elmira Bositxonova fuqarolar murojaatlariga peshvoz chiqdi. Har bir fuqaroni eshitish jarayonida suhbat mavzui oilada tibbiy madaniyatni oshirish, sog‘lom turmush tarziga, ayniqsa to‘g‘ri ovqatlanish qoidalariga rioya etish haqida bo‘ldi. Asosan poytaxt va viloyat markazidagi shifoxonalarda davolanish uchun yo‘llanma olish masalasidagi 12 ta murojaat ijobiy hal etilgan bo‘lsa, nogironlik aravachasiga muhtoj to‘rt nafar murojaatchining ehtiyoji ham qondirildi. Ikki kishiga sihatgohlarga yo‘llanma, yana shuncha odamga hassa, to‘rt kishiga eshitish moslamasi berildi. Chortoq tumani Baliqliko‘l mahallasida Respublika va viloyat tibbiyot markazlarining yetakchi shifokor-mutaxassislari ishtirokida tashkil etilgan chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik davomida 200 nafardan ziyod fuqaro tibbiy teshiruvdan o‘tdi.

– 68 yoshdaman. Keksaygan chog‘imda qulog‘imda muammolar yuzaga keldi. Yaxshi eshitolmay qoldim. Sayyor qabul o‘tkazilayotganidan xabar topib, Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbariyatiga dardimni aytdim. Murojaatimni tinglagan vazir o‘rinbosari shu joyning o‘zida eshitish moslamasini topshirishini ochig‘i kutmagandim. Iltimosim, zudlik bilan hal etilganidan bag‘oyat xursand bo‘ldim, – deydi Namangan shahridagi Bo‘ston mahallasida yashovchi mehnat faxriysi Abduvohid Hakimov.

O‘zbekiston Davlat konservatoriyasi talabasi Nodir Maqsudova sayyor qabuldagi murojaatini uzoq vaqtgacha yodida saqlab yursa ajab emas. Negaki, uning oliy ta’lim muassasasidagi 16 million 443 ming so‘m miqdoridagi to‘lov-kontrakt puli Madaniyat vazirligi tomonidan ijobiy hal etiladigan bo‘ldi. Nodira yolg‘iz boshida bola parvarishi bilan birgalikda, Chust tumanidagi 15-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritadi.

Ommaviy qabul odamlarning siyosiy va ijtimoiy qarashlari o‘zgarib borayotganligi, chunonchi, ko‘pchilik shaxsiy muammolar bilan o‘ralashib qolmay jamiyat, ko‘pchilik manfaatini ko‘zlagan masalalarni o‘rtaga tashlayotgani, taraqqiyotga xizmat qiluvchi taklif va mulohazalarni ko‘tarib chiqayotganligini ko‘rsatmoqda.

Masalan, Namangan tumani fuqarosi Bekzod Abdusamatov o‘zi yashayotgan Qumqo‘rg‘on qishlog‘ida internet aloqasi yaxshi emasligi, bu ayniqsa, koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq karantin kunlarida maktab o‘quvchilari uchun onlayn darslarni tashkil etishda muayyan qiyinchiliklar keltirib chiqarganini aytib, muammo yechimida yordam so‘radi. Masala yechimi “O‘ztelekom”ning tuman filialiga topshirildi. Yaqin vaqt ichida qishloq telefon stansiyasi tuman markazidan tortilgan optik aloqa tarmog‘iga ulanadi va xonadonlarga sifatli internet xizmati kirib boradi.

To‘raqo‘rg‘on tumani Yettikon mahallasida yashovchi Ra’noxon Ibragimova tumanda ijtimoiy dorixona tashkil etish zarurati yuzasidan murojaat qildi. Mazkur masalani ijobiy hal etish yuzasidan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbariyatiga aniq topshiriq yuklatildi.

05.11.2020

Hal etilgan murojaatlar

Murojaat tasnifiYuborish usuliKelib tushgan sanaKo'rib chiqilgan sanaHudud
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратишПрезидент почтаси6 May 202418 Sentabr 2024Navoiy viloyati
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуришИшонч телефони17 Noyabr 202327 Fevral 2024Toshkent viloyati
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозиликВеб-сайт14 Fevral 202420 Fevral 2024Jizzax viloyati
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикасиВеб-сайт13 Fevral 202427 Fevral 2024Surxondaryo viloyati
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИВеб-сайт29 Aprel 20242 May 2024Toshkent viloyati

Foydali resurslar