O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri, O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi so‘zining muallifi Abdulla Oripov milliy she’riyatimizga yangi nafas, ma’naviy uyg‘onish, milliy ruh olib kira olgan shoirlardan biridir.
Ustoz ijodkor 1941-yil 21-mart kuni Qashqadaryo viloyatining Koson tumanidagi Neko‘z qishlog‘ida tavallud topgan. O‘zbek she’riyatiga o‘z so‘zi, dadil ovozi bilan kirib kelgan ijodkor 1963 yili ToshDU – hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetini tugatgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, u dastlab «Yosh gvardiya» (1963—69) nashriyotida, keyinchalik esa G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotlarida muharrir (1969—74), «Sharq yulduzi» jurnalida adabiy xodim, bo‘lim mudiri (1974—76), O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi (1976—82), mas’ul kotib (1985—88), Toshkent viloyat bo‘limida mas’ul kotib (1982—83), «Gulxan» jurnalida muharrir (1983—85), 1996-yildan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Mualliflik huquqini himoya qilish davlat agentligi raisi (1989-yildan) bo‘lib ishlagan.
Adabiyotshunoslar fikricha, Abdulla Oripovning «Tilla baliqcha», «Men nechun sevaman O‘zbekistonni» singari dastlabki she’rlari talabalik yillarida yozilgan va o‘zbek she’riyatiga yangi, iste’dodli, o‘ziga xos ovozga ega shoirning kirib kelayotganidan darak bergan. Ko‘p o‘tmay, «Mitti yulduz» (1965) ilk she’rlar to‘plamining nashr etilishi milliy adabiyotimizda o‘ziga xos veqelik edi. Shundan keyin ustoz ijodkorning «Ko‘zlarim yo‘lingda» (1966), «Onajon» (1969), «Ruhim», «O‘zbekiston» (1971), «Xotirot», «Yurtim shamoli» (1974), «Yuzma-yuz», «Hayrat» (1979), «Najot qal’asi» (1981), «Yillar armoni» (1983), «Haj daftari», «Munojot» (1992), «Saylanma» (1996), «Dunyo» (1999), «Shoir yuragi» (2003), “Ezgulik” (2012) singari she’riy kitoblari nashr etilgan.
Abdulla Oripov «Jannatga yo‘l» (1978), «Hakim va ajal» (1980), «Ranjkom» (1988) kabi dostonlarida ma’naviyat masalalariga alohida e’tibor berib, odamlarning ruhiy olamidagi ayrim qusurlar bilan ilmiy-texnik taraqqiyot va tafakkurning parvozi o‘rtasidagi ziddiyatni ochib berdi. Umuman, Abdulla Oripovning she’r va dostonlarida ilgari surilgan ma’naviy muammolar mustaqillik davrida, ayniqsa, dolzarb ahamiyat kasb etib, shoir ijodida xuddi shu masalalar ifodasi o‘z davriga nisbatan ilg‘orlab ketganini namoyish etdi.
Teran falsafiy mushohada, go‘zal badiiyat va ayni damda soddalik, xalqchillik, jaydari ifoda uslubi Abdulla Oripov ijodida ustuvor o‘rin egallaydi.
Abdulla Oripov mustaqillik yillarida adabiyotning rang-barang janrlarida ijod etdi. Tarixiy adolatning tiklanishi, buyuk jahongir bobolarimiz, allomalar xotirasining e’zozlanishi Abdulla Oripovni Amir Temurning dunyo sivilizatsiyasida alohida o‘rin tutgan ahamiyatini ko‘rsatuvchi «Sohibqiron» she’riy dramasini (1998) yozishga ilhomlantirdi.
Abdulla Oripov — O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining matni muallifi. Ustoz ijodkor mamlakatimizda katta tantanalar bilan o‘tkaziluvchi Navro‘z va Mustaqillik bayramlari uchun yozilgan ko‘pchilik ssenariylarning ijodkori ham edi.
Abdulla Oripov Yozuvchilar uyushmasi raisi sifatida yangi iste’dod sohiblarini kashf etish, yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ibratli faoliyat olib bordi.
Ustoz ijodkor Dantening “Ilohiy komediya”si “Do‘zax” qismini, Pushkin, Nekrasov, Shevchenko, Ukrainka, Hamzatov, Quliyev, Bayjiyev asarlarini o‘zbek tiliga mahorat bilan tarjima qilgan. O‘z navbatida uning asarlari ham rus, ingliz, bolgar, turk, ukrain, turkman, ozarbayjon kabi ko‘plab xorijiy tillarga tarjima qilingan.
Keyingi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ustoz Abdulla Oripov ijodini o‘rganish, uning xotirasini ardoqlash, ijodini kengroq targ‘ib etishga katta ahamiyat qaratilmoqda. Poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida shoirning hayqali qad rostladi. Qarshida Abdulla Oripov ijod maktabi tashkil etilib, bugungi kunda samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.
Shoirning asarlari muntazam nashr etilmoqda. O‘zbek kinochilari tomonidan yaratilgan “Abdulla Oripov” nomli badiiy film yurtimiz jamoatchiligi tomonidan qizg‘in kutib olindi. Bularning bari milliy adabiyotimiz zahmatkashlari xotirasini e’zozlash borasida ko‘rsatilayotgan cheksiz e’tiborning amaliy ifodasidir.
Тип классификации обращения | Способ направления | Дата принятия | Дата рассмотрения | Регион |
---|---|---|---|---|
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратиш | Президент почтаси | 6 Май 2024 | 18 Сентябрь 2024 | Навоийская область |
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуриш | Ишонч телефони | 17 Ноябрь 2023 | 27 Февраль 2024 | Ташкентская область |
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозилик | Веб-сайт | 14 Февраль 2024 | 20 Февраль 2024 | Джизакская область |
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикаси | Веб-сайт | 13 Февраль 2024 | 27 Февраль 2024 | Сурхандарьинская область |
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИ | Веб-сайт | 29 Апрель 2024 | 2 Май 2024 | Ташкентская область |